Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-sentabr, chorshanba kuni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda davlat budjetiga kafolatlangan tushumlarni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda, jumladan, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha qonuniy asoslarni takomillashtirish va aniq yo‘naltirilgan amaliy choralar ko‘rishga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

“Jumladan, biznes yuritish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish bo‘yicha kiritilgan yangiliklar amaliyotda hali to‘liq ishga tushib ketmayotgani tanqid qilindi”, — deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Xususan, Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritilgan 693 ta xizmat turidan atigi 103 tasi yoki 15 foizi Davlat xizmatlari markazlari orqali va elektron tarzda ko‘rsatilmoqda, xolos. Qayd etishlaricha, bu tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan shaxslarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Shuning uchun, Adliya vazirligiga tadbirkorlarga onlayn tizimda axborot-maslahat xizmatlarini joriy etish, qog‘ozda ko‘rsatilayotgan barcha davlat xizmatlarini elektron ko‘rinishga o‘tkazish bo‘yicha bir oy muddatda tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirilgan.

Shuningdek, qurilish hujjatlarini kelishishning yagona onlayn tizimini amaliyotda to‘liq ishlatishni ta’minlash bo‘yicha zarur choralar belgilab berilgan.