Rossiyaning Yekaterinburg shahri mezbonlik qilayotgan havaskor bokschilar o‘rtasidagi Jahon chempionatini o‘zbekistonlik Dilshod Ro‘zmetov ham g‘alaba bilan boshladi. Bu haqda mamlakat boks federatsiyasi matbuot xizmatining Telegram’dagi sahifasida xabar berildi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

-81 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Dilshod Ro‘zmetovga dastlabki bosqichda mo‘g‘ulistonlik Narmandax Shinebayar raqiblik qildi. Jang to‘liq uch raund davom etdi. Hakamlar bir ovozdan Dilshodning g‘alabasini qayd etdi va Ro‘zmetov musobaqaning ikkinchi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Qayd etish joiz, avvalroq Fanat Qahramonov boshqa bir mo‘g‘ulistonlik raqibini yengib, ikkinchi bosqichga yo‘llanma olgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda janglar chorak finaldan boshlab UzReport telekanali orqali namoyish etiladi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, qolgan bokschilarning raqiblari quyidagicha:

  • -52 kg: Shahobiddin Zoirov—Gulijanov (Turkmaniston)
  • -57 kg: Mirazizbek Mirzahalilov—De Andrade (Braziliya)/Ivanov (Polsha)
  • -63 kg: Elnur Abduraimov—Bin Baziz (Jazoir)
  • -69 kg: Bobousmon Baturov—Arregui (Argentina)/Mikkalef (Chernogoriya)
  • -91 kg: Sanjar Tursunov—Xulio Blanko (Kolumbiya)/Teysheyra Da Silva (Braziliya)
  • +91 kg: Bahodir Jalolov—Rogava (Ukraina)/Ramazon Purdelavar (Eron)

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!