11-sentabr, chorshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat bojxona qo‘mitasi mutasaddi vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Foto: “Kun.uz”

Tadbirda jurnalistlar “Rishton—So‘x” yo‘li ochilishi nega e’lon qilingani holda kechiktirilayotgani, bu borada O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo‘mitasi qanday pozitsiyada ekanligi bilan qiziqqan.

“Kun.uz”ning yozishicha, bu masala yuzasidan qo‘mita Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobulov javob bergan.

“ ‘Rishton—So‘x’ yo‘lining ochilishini juda ko‘pchilik kutayotgani shubhasiz, chunki bu aholiga katta qulaylik tug‘diradi. Rasman ta’kidlayman — bu masala yechimi ayni paytda biz tomonga bog‘liq emas. Sababi, biz o‘zimizga bog‘liq barcha ishlarni bajarganmiz, yo‘l ochilishiga tayyormiz va buni kutyapmiz.

Qirg‘izistonlik hamkasblarimiz bu yo‘lning ochilishini ortga surish bilan birgalikda biror sababni ham ko‘rsatishmayapti. Holbuki, yo‘l ochilgani tantanali ravishda e’lon qilingan, hokim va gubernatorlar uchrashgan, bir-birlarini qutlagan edilar. Lekin bu borada ishlar, muzokaralar davom etmoqda”, — deydi Rustam Qobulov.

Foto: “Kun.uz”

“To‘g‘ri.uz”ning qo‘shimcha qilishicha, dastlab “Rishton—So‘x” postining ochilishi bo‘yicha Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida kelishuvga erishilgan edi. Biroq, noma’lum sabablarga ko‘ra hozir uning faoliyati to‘xtatildi.

“Biz Qirg‘izistonning javobini kutyapmiz. Bu yo‘l ochilishi kerak. Tomonlar o‘rtasida hukumat darajasida muzokaralar o‘tkazildi. Biroq, hozircha Qirg‘iziston tomonidan mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berilmadi”, — degan Rustam Qobulov.

Ma’lumot uchun, “Rishton—So‘x” hududlarni bog‘lovchi qisqa yo‘l hisoblanadi. Uning yopilishi oqibatida fuqarolar 200 kilometrdan ziyod ortiqcha yo‘lni bosib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.