10-sentabr kuni Facebook’dagi guruhlarda Samarqandda joylashgan Ulug‘bek madrasasida bo‘lib o‘tgan tadbir videosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Videoni tarqatgan foydalanuvchilarning izohiga qaraganda, madrasada shaxsiy tartibda tug‘ilgan kun nishonlangan. Tug‘ilgan kun haqidagi gaplar ijtimoiy tarmoqlara foydalanuvchilarining g‘azabini qo‘zitib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Aslida nima bo‘lganini o‘rganish uchun “Daryo” surishtiruv o‘tkazdi. Aniqlashimiz bo‘yicha, Ulug‘bek madrasasida tug‘ilgan kun emas, madaniy kecha uyushtirilgan.

Registon direksiyasi tadbir viloyat hokimligi topshirig‘i bilan o‘tganini aytdi. Hokimlik vakillari buni inkor etdi

Ulug‘bek madrasasi.
Foto: Wikipedia

Registon ansambli mustaqil direksiyasi ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Azamat Samatov bilan bog‘lanib, ushbu video bo‘yicha izoh so‘radik. U Ulug‘bek madrasasida tug‘ilgan kun emas, rasmiy tadbir o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Azamat Samatov bergan ma’lumotga qaraganda, 4-sentabr kuni Samarqandga AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi delegatsiyasi tashrif buyurgan. Mehmonlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilgan, shu jumladan, ularni viloyat hokimi qabul qilgan. Tadbirlar dasturi doirasida Registon maydonida madaniy kecha uyushtirilishi rejalashtirilgan. Tantanali kecha 8-sentabr kuni o‘tkazilgan. Kecha matbuotda yoritilmagan, ammo ishtirokchilarning o‘zi video olib, internetga chiqarib yuborgan. Video Facebook’dagi “Samarkand i samarkandsi” guruhida chop etilib, muhokamalarni keltirib chiqargan.

Direktor o‘rinbosarining ta’kidlashicha, kechada spirtli ichimliklar iste’mol qilinmagan. Shuningdek, musiqa balandligi 90 detsibeldan oshmasligi ta’minlangan (baland musiqa binolarga zarar keltiradi, ayniqsa tarixiy binolar bundan ko‘p aziyat chekadi). Tadbir uchun direksiyaga yoki alohida shaxslarga hech qanday to‘lov qilinmagan.

Dastlab Azamat Samatov tadbir Samarqand viloyati hokimligidan chiqqan rasmiy xat asosida uyushtirilganini aytdi. Buni tasdiqlab olish uchun Samarqand viloyati hokimi matbuoti kotibi Manuchehr Mirzayev bilan bog‘landik.

Matbuot kotibi Registon ansambli direksiyasi vakili bergan ma’lumotni tasdiqlamadi. U direksiyaga chiqarilgan xatni ko‘rmaganini ta’kidladi. “Bunday xat sizdan bexabar chiqib ketishi mumkinmi?” degan savolimizga “Ha” deb javob berdi.

“Daryo”: Demak, bu tadbir sizdan bexabar o‘tkazib yuborilishi mumkinmi?

Manuchehr Mirzayev: Yo‘q, qo‘limda delegatsiyani kutib olish bo‘yicha tadbirlar dasturi bor. Unda Registon ansamblida tantanali qabul o‘tkazilishi nazarda tutilmagan. Viloyat hokimligining tantanali qabuli konsert dasturi bilan birga Regal Palace mehmonxonasida o‘tkazilgan.

“Daryo”: Tadbirlarni tashkil etishga qaysi bo‘limlar mas’ul? Sizning bo‘limingiz qanday vazifalarni bajaradi?

Manuchehr Mirzayev: Tashkiliy nazorat guruhi hamda “upravdel” bunday narsalarga mas’ul. Men ham topshiriq qayerdan ketganini surishtiryapman, hozircha “upravdel” bilan bog‘landim, u ham bexabarligini aytdi. Bizning bo‘lim esa tadbirlarni yoritishga, matbuot bilan aloqalarga mas’ul.

“Daryo”: Agar dasturning aynan shu bandi matbuotda yoritilishi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, unda balki band sizning qo‘lingizdagi dasturga kiritilmagandir?

Manuchehr Mirzayev: Bunday bo‘lishi mumkin emas, dastur hamma uchun bitta bo‘ladi.

“Daryo”: Demak, Ulug‘bek madrasasidagi qabulga viloyat hokimligi aloqador emas?

Manuchehr Mirzayev: Shunday, unda bizning vakillar ishtirok ham etmagan.

Shu bilan birga, Registon ansambli mustaqil direksiyasi direktori Xonqul Samarov kechada hokimlik vakillari ham qatnashganini ta’kidladi. U, shuningdek, topshiriq viloyat emas, shahar hokimligidan kelganini aytdi.

Tantanali kecha sinagoganing iltimosiga binoan tashkil etilgan

Masalaga aniqlik kiritish uchun Azamat Samatov bilan qaytadan bog‘langanimizda, u gap qanday xat haqida ketayotganiga va topshiriq kimdan kelganini tushuntirdi. U bizni xatning to‘liq matni bilan tanishtirdi.

Or-Avner sinagogasi.
Foto: Google Photos

Samarqand yahudiylari diniy jamiyati – Or-Avner sinagogasi (xalq orasida Kanesoi Gumbaz deb yuritiladi, turistlar orasida Gumbaz Synagogue sifatida mashhur) 19-avgust kuni viloyat hokimligiga xat bilan murojaat etib, 7–8-sentabr kunlari Registon maydonida ikkita tadbir – konsert va tantanali kecha o‘tkazishga ko‘mak berishni so‘ragan. Hokim rezolyutsiyasi bilan xat ijrosi bir qancha tashkilotlarga, ular qatorida viloyat madaniyat boshqarmasiga topshirilgan. Boshqarma o‘ziga bo‘ysunuvchi Registon ansambli mustaqil direksiyasiga xatni chiqargan.

Birinchi tadbir – konsert o‘tkazilmagan, ikkinchisi – tantanali kecha esa o‘sha ijtimoiy tarmoqlar muhokama qilayotgan videoda aks etgan.

Shunday qilib, tadbir viloyat hokimligining dasturi doirasida emas, Samarqand yahudiylari tashabbusiga ko‘ra o‘tkazilgan, shu bois dasturdan o‘rin olmagan bo‘lsa kerak. Ayni paytda, uning o‘tkazilishiga viloyat hokimligi ruxsat bergan, ya’ni hokimlik tadbirdan xabardor bo‘lgan.

Madrasada o‘tkazilgan kechani qanday baholash kerak?

Suhbat davomida mas’ullarning Facebook’da bo‘layotgan muhokamalarga, xususan, salbiy izohlarga munosabati bilan qiziqdik.

Biz bilan suhbat qurgan Xonqul Samarov amaldorlar madrasada madaniy kechalar uyushtirilishi ijobiy holatligini, ular O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shishini, boshqa shaharlarda, xususan, Buxoroda bunday tadbirlar tarixiy obyektlarda tez-tez o‘tkazilishini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, Azamat Samatov nega bu voqea ijtimoiy tarmoqlarni junbushga keltirganini tushuna olmayotganini ta’kidladi. U O‘zbekiston ko‘p millatli davlat ekanligini, bu kabi kechalar esa biror salbiy oqibatlarga olib kelmasligini bildirib o‘tdi.