Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 9-sentabr, dushanba kuni “Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksi qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish borasidagi ishlarni tashkillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda AOKA matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, majmua 2024-yilda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Loyiha temir va po‘latni olish uchun amalga oshiriladigan texnologiyalarni qo‘llashni nazarda tutadi. Loyihani amalga oshirish, obyektni qurish va foydalanishga topshirishni ta’minlash uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibida Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya majmuasini qurish direksiyasi tashkil etildi.

“Konda geologik qidiruvlar natijasida 2 milliard tonna xomashyo rezervi borligi aniqlandi, — degan direksiya rahbari Botir Rustamov. — Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kondan yiliga 33 million tonna ruda qazib olinadi va undan 1,5 million tonna temir olinadi. Kon-metallurgiya kompleksi yiliga 900 ming tonna armatura, 225 ming tonna sim, 375 ming tonna ugolok, shveller va boshqa materiallar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Bu katta miqdordagi import o‘rnini to‘ldirib, sanoatni barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi”.

Qayd etilishicha, bu yerda 2 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Mahsulotlarning 35 foizini eksport qilish rejalashtirilgan. Loyihani ishlab chiqarish va amalga oshirishga Germaniyaning DMT Group va Avstriyaning Horst Viesinger Konsulting korxonalari jalb etilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, kondagi rudadan 3 ming tonna namuna Germaniyaning SGA ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga yuborilib, rudani boyitish va undan temir moddasini ajratib olish bo‘yicha sinovlar o‘tkazildi. Hozirgi kunda hududdagi mavjud rezervlarni baholash hamda bank texnik–iqtisodiy tahlil loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqish jarayoni amalga oshirilmoqda. Yuqoridagi ishlar natijasiga ko‘ra, 2020-yil yanvar oyida loyihaning samarodorligi bo‘yicha yakuniy xulosa tayyorlanadi.