O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur 12-sentabr, payshanba kuni Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda diniy idoraning rasmiy veb-portali xabar bermoqda.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Xabar berishlaricha, mazkur tayinlov “Islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan ilmiy faoliyatni qayta tiklash va rivojlantirish borasidagi ishlarni jadallashtirish maqsadida” amalga oshirilgan.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

“Shayx Abdulaziz Mansur hazratlarining mas’uliyatli va sharafli yangi vazifalarida Alloh taboraka taolodan ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz”, — deyiladi diniy idora rasmiy veb-portalida e’lon qilingan axborotda.

Shayx Abdulaziz Mansur (1944-yili Farg‘ona tumanida tug‘ilgan) Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadi (1975—1979) va Sudan Islom universitetini (1980—1981) tamomlagan. Mehnat faoliyatini “Sovet Sharqi musulmonlari” jurnalida mas’ul kotib sifatida boshlagan.

U 1982—2006-yillarda diniy idora Fatvo bo‘limi mudiri, Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, “Movarounnahr” nashriyoti mudiri, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i, Prezident davlat maslahatchisi, Toshkent Islom universiteti prorektori kabi lavozimlarda ishlagan.

Shayx Abdulaziz Mansur 2006-yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi. U, shuningdek, 2018-yil iyun oyidan 2019-yil yanvariga qadar Toshkent shahriga bosh imom-xatib sifatida ham xizmat qildi.

“Ziyouz.com”ning yozishicha, shayx Abdulaziz Mansur amalga oshirgan “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” qayta-qayta nashr qilingan. U “Sahihi Buxoriy”ni tarjima va sharh qilib, ikki jildda nashr ettirgan. “Gazeta.uz”ning qo‘shimcha qilishicha, shayx Xalqaro fiqh Islom akademiyasi va Musulmon ulamolar oliy kengashi a’zosidir.

Ma’lumot uchun, kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov ishdan olingani haqida xabarlar tarqalgan edi, so‘ng bu xabarlar rad etildi. Undan avvalroq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyatida o‘zgarishlar yuz bergan edi.