“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni kirakashlik qilayotgan yigit.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ilk marta mashina o‘g‘irlab taksichilik qilganman

Ismim Davron, 29 yoshdaman. Toshkentlikman. 12 yildan buyon taksichilik qilaman!

Foto: “Unsplash.com”

Bolaligimda TTZ bozorida arava tortganman. O‘qishdan chiqib, kechgacha 4-5 ming so‘m ishlardim. Bir kuni kechasi dadamning mashinasini uydan olib qochib, taksichilik qilganman. Tuni bilan ishlab 35 ming so‘m topganman. O‘sha paytlari 35 ming so‘m katta pul edi. Zavqi boshqacha bo‘lgan. Topgan pullarimni esa uydagilarga bermay, faqat o‘zim ishlatardim. Xohlagan narsamni olardim, yerdim, ichardim. Har doim cho‘ntagimda jaraq-jaraq pul yurar, maktabda mendan boy o‘quvchi yo‘q edi. 18 yoshga kirganimdan keyin haydovchilik guvohnomasini oldim. Avval qiziqishga boshlangan ish keyinchalik kasbimga aylandi.

Narx nimaga qarab belgilanadi?

Albatta, kirakashning insofiga qarab. Lekin O‘zbekistonda boshqa davlatlarga nisbatan yo‘l haqi juda arzon deb o‘ylayman. Chunki ishchi kuchi arzon, oyliklar past. Tabiiyki, narx-navo ham shunga yarasha. Bundan tashqari, yo‘llarda turli xil muammolarga duch kelasiz. Jarimalarni-ku, aytmay qo‘yaqolay. Talab ko‘p, lekin yo‘l haqi arzon.

Foto: “Unsplash.com”

Har bir tumanning o‘z “stavka”si bo‘ladi. Chekka tumanlarda narx arzon, markazda qimmatroq. Misol uchun, Chirchiqdan Toshkentgacha 5 ming so‘mga kelish mumkin. Chunki deyarli barcha mashina Toshkentga kirib keladi. Yo‘li bo‘lgani uchun taksichilar ortiqcha pul so‘ramaydi.

Ko‘chadagi kirakashlarda aniq narx belgilanmagan. Lekin “Yandeks.Taksi”da bor. Tunda ishlaganim sababli, asosan, “Yandeks”da yuraman. Bu yo‘lovchilar uchun qulay ham xavfsiz. Soat necha bo‘lishidan qat’iy nazar mijoz eshigining tagigacha kelib, manziligacha eltib qo‘yadi. Haydovchilar uchun foydasi esa har doim mijozi bor.

Taksichilar odamiga qarab pul oladimi?

Taksichilar juda sinchkov bo‘ladi. Bir ko‘rishda viloyatlik bilan toshkentlikni ajratib oladi. Chetdan kelganligini, narx-navoni yaxshi bilmasligini sezib aldashi mumkin. Lekin hamma viloyatliklar ham go‘l emas, narx-navoni juda yaxshi biladi.

Keyin yo‘lovchining kiyinishiga ham qarab taksichilar ko‘p so‘rashi mumkin. Lekin bir narsani aytishim kerak, aksariyat boy odamlar juda past. Undan kambag‘allar mard bo‘ladi.

Chiroyli qizlarga narx pastlatib aytiladimi?

Ha, ko‘pchilikda shunday. Chiroyli qizlarni, ayollarni ko‘rganda nafaqat biz, balki boshqa erkaklar ham taksichilik qilgisi kelib qoladi. Mashinamga chiqsa, tanishsam, gaplashsam deydi.

Aksariyat kirakashlar ham yaxshi gapirsa, “iltimos, oborib qo‘ying”, deb suzilib uzoq yo‘lga ancha past narx aytsa ham yo‘q deyolmay olib ketadi. Tabiatan erkaklar shunday! Lekin professional kirakashlar bunday qilmaydi.

Yaqinda bir ayolni bolalari bilan uyiga oborib qo‘ygandim, mayin ovozda “rahmat, akajon” deb tushib qoldi. To‘g‘ri ma’nodaku-ya, lekin nima bo‘lganda ham ayol kishi kirakashga “jon” qo‘shimchasini qo‘shib aytishi yaxshi emas. Umuman olganda, qiz-juvonlar begona erkaklar bilan sal jiddiyroq va rasmiyroq ohangda gaplashishi kerak.

Ammo tan olaman, yoshligimda chiroyli qizlarni ko‘rganda o‘zimni yo‘qotib qo‘yardim. Arzon narxga ham, hatto bekorga ham manziliga eltardim. Lekin hozir u yoshdan ancha o‘tganman. Qiz-juvonlarning chiroyiga, shirin muomalasiga, nozlanishlariga qarab o‘tirmayman. Ming chiroyli bo‘lsa-da, manzilga to‘g‘ri kelgan pulni aytmasa olib ketmayman.

Kirakash kuniga qancha topishi mumkin?

Daromad mashinangizning rusumiga bog‘liq. Aytaylik, Matiz’da yuradigan kirakashlar kuniga 150-200 ming so‘m, Spark, Nexia, Lacetti’dagilar bundan ko‘p topadi. Sababi tarif qimmatlashadi. Kilometriga 1000 so‘m emas, 1200 so‘m bo‘lishi mumkin. Keyin ko‘chada odamlar ham mashinangizga qarab pul beradi.

Lekin shunaqa ishning ko‘zini biladigan kirakashlar borki, Matiz’da ham kuniga 300-400 ming so‘m topadi. Birinchidan, ularning doimiy mijozlari bor. Keyin qimmat restoranlar oldida turishadi. Ichib olganlarning mashinasini uyigacha olib borib, 100 ming so‘mgacha oladi.

Doimiy mijozlarim deyarli yo‘q

Ochig‘i, buni yoqtirmayman. Sababi har doim ularning xizmatini qilishingiz kerak. Odamlarga qancha yaqin bo‘lsangiz, shuncha erkalanib ketadi. Kam pul beradi yoki nasiyaga yuradi. Bu borada juda ko‘p pand yeganman. Yuz issiq, bir nima deyolmaysiz. Undan ko‘ra begona odamning xizmatini qilgan ma’qul.

Hozir ham juda ko‘p do‘stlarim shunday. Tanishsan-ku, deb kam pul beradi yoki umuman bermaydi. Nima bo‘libdi tanish bo‘lsam? “Zapravka”da benzinni bu do‘stlarini oborib qo‘yibdi, deb tekinga yoki arzonga quyib bermaydi-ku!

Ikkinchi tarafdan, aksariyat “kliyent”lar chiroyli mashinalar: Lacetti va Spark’da yurishni istaydi, Matiz’da emas.

Tunda ko‘p ishlar sodir bo‘ladi...

Tunda yurganingizda har doim nimadir sodir bo‘ladi. Kimdir atay mashinangizni siqishi, sizni so‘kib ketishi mumkin. Bunday vaziyatlarda haq bo‘lsam ham indamayman. Haydovchi bee’tibor va kechiruvchan bo‘lishi kerak. Har bir holatga e’tibor beraversa, urushaversa, muammodan boshi chiqmaydi. Ayniqsa, bizning jamiyatda.

Yaqinda shunga o‘xshash bir holat bo‘ldi. Paynet shoxobchasiga kirish uchun yo‘l chetida to‘xtadim. Kimdir yerga suv sepyapti, mashinamga sachratyapti. Yaqinda yuvdirgandim, ko‘rib jahlim chiqdi. Lekin o‘zimni bosib, aka, mashinamga suv sepib tashlabsiz, aytmaysizmi chetga olib qo‘yardim, desam u xohlasam sepaman, deb suvini sachrataverdi. Keyin qo‘lidan shlangni tortib olmoqchi bo‘lganimda atrofidagi do‘stlari menga tashlandi. Himoyalanishga to‘g‘ri keldi. Mushtlashib ketdik.

Zarba berishga to‘g‘ri kelmaganida, qo‘l ko‘tarmasdim. Chunki hozir haq bo‘lib turib ham himoyalanib, qamalib ketish hech gap emas. Bu vaziyatda ham indamasdim, lekin o‘ta darajada shaxsiyatimga tekkani uchun xo‘p deb ketolmadim.

Yolg‘onchi odamlar jamiyatini quryapmiz

Yo‘lovchilar bilan ko‘plab muammolarga duch kelaman. Bilasizmi, meni eng xafa qiladigani, odamlar juda yolg‘onchi bo‘lib ketgan. “Aka, iltimos oborib qo‘ying, hozir pulim yo‘q, Paynet qilib yuboraman”, deydi. Lekin o‘ntasidan atigi uchtasigina o‘sha pulni tashlaydi, qolgani esa yo‘q. Odamlarning o‘zlari ishonchsizlikka sabab bo‘lyapti.

Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham odamgarchilikni unutmaslik kerak. Yolg‘onchilarni deb qolganlar badal to‘lamasligi lozim. Eskilar aytganidek, qarz bergan odam puli qaytmasligini hisobga olib bergani ma’qul. Shunda o‘zi qiynalmaydi.

Qoldirilgan buyumlar egasiga qaytariladimi?

Albatta. Qimmatbaho buyumlar ko‘p qolib ketadi. Qo‘ng‘iroq qilishsa, aytgan joyiga olib borib beraman.

Bir qizni “Yandeks” orqali uyiga olib borib qo‘yib, yo‘limda davom etib ketayotgan edim. Telefonimga o‘sha qiz qo‘ng‘iroq qilib qaytib kelishimni, naushnigi mashinamda tushib qolganini aytdi. Darrov qaytib bordim. Qarasam, u qiz tushib qolgan yerda naushnigi yotgan ekan. U qiz chiqdi va naushnigini mendan olib, quruq rahmat bilan uyiga kirib ketmoqchi bo‘ldi. Men pul bermaysizmi, deb arang 5 ming so‘m olib qoldim.

Ba’zi odamlar yo‘qotilgan narsalarini kirakashlar qaytarib olib kelganida nafaqat suyunchi, balki yo‘l haqini ham bermagani uchun ayrim taksichilar qoldirilgan narsalarni qaytarishni xohlamaydi.

Taksichining prinsiplari

Birinchisi va eng muhimi, kam narx aytsa olmaslik.

Masalan, yaxshi kiyingan bir odam taksi to‘xtatib, 10 ming so‘mlik yo‘lga sakkiz ming aytdi. Muomalasi qancha yaxshi bo‘lsa-da olmayman. Yuqorida aytganimdek, yo‘lovchining tashqi ko‘rinishi yoki shirin gaplari narxni tushirishimga sabab bo‘lmaydi.

Biroq ayrim hamkasblarim yo‘lovchi baland narx aytsa-da, muomalasi yomon bo‘lsa olmaydi. Men esa vaziyatga qarayman. Taqozo qilsa, prinsiplarimdan kechishim mumkin. Pul kerak bo‘lib turgan paytda ko‘p beryaptimi, olaverish kerak. Axir, hammadan ham yaxshi muomala kutib bo‘lmaydi. taksichilik qilyapsizmi, juda ko‘p narsalarga ko‘nib, bez bo‘lishingiz kerak. Chunki bu hayot qonuni.

Mashina o‘ziniki bo‘lmasa, taksichilarning ishi qiyin

Boisi ijara stavkasi baland. Taksoparkdan Cobalt’larning kunlik narxi taxminan 160-170 ming so‘m atrofida. Oyiga bir yoki ikki kun ular haydovchiga dam berishi mumkin, lekin kirakash hech qachon dam olmaydi. O‘sha kunlari o‘zi uchun pul ishlab oladi. Shuning uchun sherik bilan ishlashi kerak. Ertalab sherigi, kechasi o‘zi haydasa, arendani to‘lay oladi.

Haydovchilar DXXning “qulog‘”imi?

Bo‘lishi mumkin! Axir hamma organlar har xil ishlaydi. Shaxsan ko‘zim bilan ko‘rmaganman, ushlab olmaganman-u, lekin odamlar orasida shunday gap yuradi. Shaxsan men bunga yomon qaramayman. Chunki davlat xavfsizligini ta’minlash ularning vazifasi. Taksichi esa ko‘p narsadan xabardor bo‘ladi.

Menga ham YPX xodimlari ichgan haydovchilarni ko‘rsang, bizga telefon qil deb aytishadi. Ko‘rsam, albatta xabar beraman. Kimdir buni sotqinlik deydi, kimdir pastkashlik. Biroq o‘sha mast haydovchilarni deb qanchadan qancha odamlarning, bolalarning umri xazon bo‘lyapti? Ularni deb bir umr nogiron bo‘lib qolganlar qancha. Jinoyatchilarni aytib berishning nimasi yomon? Falokatlarning oldini olsak, o‘zimizga yaxshi emasmi?

Bundan tashqari, endi avtomobilga o‘rnatilgan kameralar orqali qoidabuzarlarni kerakli organlarga jo‘natib mukofot olish mumkin. Axir YPX yo‘q degani, istagan qoidabuzarlikni qilsa bo‘ladi degani emas-ku. Bir marta yaxshigina jarima to‘lasa, keyingi safar o‘ylab ish qiladi.

Kirakashdan ering bo‘lmasin, artistdan xotining

Kechasi ishlaganim uchun fohishalarni ko‘p ko‘raman. Ular jamiyatimizning eng og‘ir nuqtasi. “Kirakashdan ering, artistdan xotining bo‘lmasin” deyishganidek, taksichilarga “u”lardan ko‘p taklif bo‘ladi. Aql-hushimni yig‘ib olganman. Alloh saqlaganicha zinodan yiroqman.

Jamiyatda fohishalarni yo‘q qilib bo‘lmaydi. Chunki ular juda ko‘p, jazolari ham yengil. 10 yildan beri fohishalik qilib yurganlar bor. Qo‘lga tushadi, lekin jarima bilan qutulib ketaveradi. Birinchi marta qattiqroq jazo olganida qaytib bunday ish qilmagan bo‘lar edi deb o‘ylayman. Menimcha, ularni butunlay yo‘q qilish uchun davlat sal qattiqqo‘lroq bo‘lishi, jazoni og‘irlashtirishi yoki ko‘proq ish o‘rinlarini yaratishi kerak. Hammasi ishsizlikdan, pul yetishmasligidan kelib chiqadi.

Foto: “Unsplash.com”

Eng yomoni, oxirgi paytlarda besoqolbozlar ko‘payib ketyapti. Bir kuni ichi ko‘rinib turadigan ko‘ylak kiygan, ayollarnikiga o‘xshagan atir sepgan, yurish-turishi ayolsifat bir yigit mashinamga chiqdi. Yo‘lda telefoniga qarasam tirjayib, erkak kishi bilan yozishib ketayotgan ekan. Yo‘lda mashinadan tushirib yubordim. Ming afsuski, bunaqalarni ko‘plab uchratyapman.

Eng ko‘p axborot haydovchilarda bo‘ladi

Kirakashlik shunday ajoyib kasbki, har kuni nimadir sodir bo‘ladi. Qiziq-qiziq voqealar guvohi bo‘lasiz. Gohida mashinamda erkaklar “tanishi” bilan ketayotgan bo‘ladi. Xotini telefon qilib qolsa, “ishdaman, bezovta qilma”, deb o‘chirib qo‘yadi. Ko‘zingiz bilan ko‘rib indamay qo‘yaverasiz.

Bir kuni ikki tilanchi ayolni bolalari bilan uyiga oborib qo‘ydim. Ular tilanadigan “tochka”sidan meni to‘xtatisharkan, savdolashmay bo‘ladigan narxni aytishdi, men rozi bo‘lib ularni manziliga eltdim. Ular mashinamga shifokor va o‘qituvchilardan ko‘ra ko‘p chiqadi.

O‘qituvchilar, dotsentlar tiqilinch avtobuslarda, tilanchilar esa bemalol taksida yuradigan zamonda yashayapmiz.

Kirakash — bu qahramon!

Bir marta menda shunday holat bo‘lgan. Oyog‘i singan odamni ko‘tarib, travmatologiyaga olib chiqqanman. Bu faqat menda emas, hammada bo‘ladi. Kechasi ayollar yig‘lab, erim haydavordi, ota uyimga ketyapman deydi. U odamni oborib qo‘ymasdan iloj yo‘q. Eng toshbag‘ir odam ham bu ishni qiladi. Bundan tashqari, bir kunda qanchadan qancha avtohalokat bo‘ladi. Haydovchi uni ko‘rib, odamlarni qutqarishi, tez yordam chaqirishi mumkin.

Hamma kirakashni yomon deydi, mensimaydi, lekin ular odamlarga juda ko‘p yaxshilik va hatto qahramonlik qiladi. Militsiya ham o‘sha, “pojarniy”,  shifokor ham o‘sha.

Aytmoqchi bo‘lganim taksichi hammasi. U to‘g‘ri kelgan vazifani bajarib ketaveradi. Shuni ishonch bilan aytamanki, har bir kirakash, albatta, qahramonlik qilgan. Lekin jamiyat buni bilmaydi. Biror marta taksichining orden olganini yoki taqdirlanganini ko‘rganmisiz? Yo‘q! Men buni nohaqlik deb bilaman.

Quruq obro‘ni nima qilaman?

Bir necha yil oldin xususiy firmada ishlaganman. Chet eldan keladigan mahsulotni tarqatardim. Pul aylanmasi juda katta edi. Lekin boshlig‘im taksida ishlab topadigan pulimni bermagan. Obro‘li firmada ishlab kam pul topganimdan ko‘ra taksichilik qilib yashaganim afzal deb ishdan ketganman.

Hozir oyiga 6 million topaman. O‘zbekiston sharoitida kim buncha oylik berardi? Hatto IIB xodimlari ham shuncha olmaydi.

Agar ota-onam boy yoki ajdodlarimdan katta meros qolganda sharaf, obro‘ uchun 1-2 millonga ishlashim mumkin edi. Lekin...

Xudo xohlasa, kelajakda biznes qilmoqchiman. Agar o‘xshamasa, butun umr kirakash bo‘lib qolaman. Kasbimdan uyalmayman. Odamlar past nazar bilan qarasa qarayversin. Ishim yo‘q. Birovning fikri menga osh ham bermaydi, non ham!

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.