“Daryo” saytida  haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.

Haftamiz yaxshi yangilik bilan boshlandi. 10-sentabr kuni Toshkentda prezident maktabi ochildi. Shu kuni prezident “o‘z maktabi”ni borib ko‘rdi. Maktab 168 o‘rinli, yotoqxonasi bor, 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasi ham bor. Bu yil 5–10-sinflar uchun 144 nafar o‘quvchi qabul qilingan. Ularga 30 nafar chet ellik va 72 nafar mahalliy o‘qituvchi dars beradi.

Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilarni O‘zbekistonning “oltin fondi” deb ta’rifladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident maktablari shu yili Nukus, Xiva va Namanganda ham ochiladi. 2020-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida bunyod etiladi.

* * *

“Ko‘p go‘sht yeyapmiz”... Fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitovning bu izohi navbatdagi tanqidlar-u hazil-mutoyibalar mavzui bo‘ldi. Aslida u nima demoqchi edi? Hayitov mamlakatda go‘sht narxi oshishi va ovqatlanish madaniyati yetishmasligini izohlash bilan birga ozuqa zaxirasi yetishmasligini ham esga olib o‘tgandi. Shu bilan birga, “Go‘sht narxini ikki barobar oshirish niyatimiz yo‘q” dedi. O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasining ma’lumoti ham yurtimizda go‘sht iste’moli ortganini tasdiqlaydi: 2000-yillar boshida jon boshiga 34 kilo go‘sht mahsuloti to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu son 2016-yilda 44,4 kiloga yetgan.

Foto: Telegram / Davletov.uz

Bu dunyo mezonida ko‘pmi yo kammi? Jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi ko‘rsatkichdan (kuniga o‘rtacha 165 grammdan ko‘p) past, lekin Afg‘oniston va aksariyat Afrika mamlakatlari bilan taqqoslaganda — ko‘p. Demak, Afrika va Afg‘oniston bilan solishtirganda biz ko‘p go‘sht yemoqdamiz.

Iqtisodchi va bloger Behzod Hoshimov Aktam Hayitovning fikrini sharhlab, go‘sht narxiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni sanab o‘tdi. Unga ko‘ra, go‘shtga talab taklifdan tezroq o‘smoqda. Bu bizga nima qilish kerakligini anglatuvchi signaldir. Hoshimov fermer go‘sht yetishtirishiga hech qanday ma’muriy aralashuv kerak emasligini ta’kidladi va chet eldan go‘sht olib kelish uchun barcha to‘siqlarni olib tashlashga chaqirdi.

Fermerlar kengashi raisining izohini jamoatchilik hazm qilib ulgurmasdan Energetika vazirligi tizimidagi jamiyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Mirzayev “Juda ko‘p elektr energiyasi iste’mol qilyapmiz” deb, yangi muhokamalarga start berdi.

* * *

Senatda to‘ylar masalasi ko‘rildi va qaror qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi va 2020-yilning 1-yanvaridan kuchga kiritiladi.

Nizomga ko‘ra, oilaviy tadbirlar faqat bir kun soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. Dafn etish marosimi bundan mustasno. 23:00dan keyin oilaviy tadbirlar o‘tkazilmaydi. Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo‘shaloq to‘y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin. Kelin-kuyov korteji ko‘pi bilan uchta mashinadan iborat bo‘ladi. “Kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazo ortiqcha tadbirlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, motam bilan bog‘liq “yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” marosimlari ham o‘tkazishga ruxsat yo‘q. To‘ylarda ikki nafardan ortiq xonanda yoki guruhning xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Oilaviy tadbirlarda boshlovchi, so‘z ustasi, fotosuratchi shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi.

Avvalroq senator Maqsuda Vorisova “To‘y shartnomasi” imzolashni joriy etish va to‘ylarni militsiya nazoratida o‘tkazishni taklif qilgandi.

Senator va shoir Iqbol Mirzo respublikamizda namunali o‘tayotgan to‘ylarni o‘rnak tariqasida markaziy telekanal orqali yarim soat, qirq daqiqa davomida uzatib borishni taklif qildi. Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev to‘y kortejida uchta mashina qatnashishi chekloviga izoh so‘radi va mashinalar soni undan ko‘proq bo‘lishi mumkinligini mantiqan tushuntirib berdi.

Kuzatuvchilarning fikricha, bu qaror hayotga ta’sir qilishiga ishonch kam.

* * *

Televideniyeda ilk bor o‘zbek maxsus xizmatlarning maxfiy operatsiyasi haqidagi hujjatli film 13-sentabr kuni namoyish etildi. Filmda o‘zbek maxsus xizmatlarining Suriyadagi urush o‘choqlaridagi qarovsiz vatandoshlarimiz — ayollar va bolalarni qaytarish operatsiyasini amalga oshirgani ko‘rsatilgan. Qaytarilganlarga yordam ko‘rsatish, kundalik tinch hayotga qaytarish uchun amalga oshirilgan ishlar ham filmda bor.

Shu yilning 30-mayida prezident topshirig‘i asosida 156 nafar fuqaro, asosan bolalar va ayollar maxsus aviareys bilan Damashqdan Toshkentga olib kelingan edi. Keyinchalik 142 kishi, jumladan, 47 nafar onaga eng kam oylik ish haqining 10 barobari va 95 nafar bolaga 5 barobari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgan, uch nafar yetim bola mehribonlik uyiga, yana uch nafari esa “Kichkintoy” bolalar uyiga joylashtirilgan.

* * *

Katta-kichikligidan qat’iy nazar kamchilikni olib chiqib yo‘qotishga harakat qilish lozim. Shu nuqtai nazardan Navoiydagi maktabda polda o‘tirgan o‘quvchilar mavzusini dayjestimizga qo‘shdik. Kimlardir uchun bundan kattaroq muammolar bordir, biroq poytaxtda ko‘rkam va ajoyib prezident maktablari tashkil etilishi manzarasida Navoiyda polda o‘tirgan o‘quvchilar rasmi tarqalishi ko‘ngilli bo‘lmadi. Telegram’dagi @navoi_navoiy kanali yozishicha, o‘quvchilar 3-sentabrdan beri shu holda dars o‘tmoqda. Ammo hokimlik va xalq ta’limi bo‘limi o‘quvchilar kitobga kelganda rasm olingan deb chiqdi.

Foto: Telegram / @navoi_navoiy

Kanal mutasaddilarga javobni kechiktirmadi. Bolalar kitob olgani kelgan bo‘lsa, nega ruchka turganiga, oldida kitob emas, daftar borligiga va dam olish kuni forma kiyib kitob olgani borishi mantiqqa zidligiga e’tibor qaratdi.

* * *

Terma jamoamizning Falastinga yutqizig‘i ortidan murabbiy Ektor Kuper iste’foga chiqarilishi ma’lum bo‘ldi. Hozir terma jamoa bosh murabbiyi lavozimi uchun ikki nomzod ko‘rib chiqilmoqda: 2017-yildan buyon “Paxtakor”da ishlayotgan Shota Arveladze va hozirda “Bunyodkor”ni boshqarayotgan Vadim Abramov.

Kuper bilan 2018-yilning 1-avgustidan 2021-yilning 30-noyabrigacha, JCh-2022 saralash sikli uchun shartnoma tuzilgandi va agar terma jamoa Qatarda o‘tkaziladigan mundialga yo‘llanma olsa, shartnoma avtomatik tarzda turnir yakunigacha uzaytirilishi ko‘zda tutilgandi. “Kun.uz”ning yozishicha, Ektor Kuperning yillik maoshi 2 million yevroga yaqin.

* * *

Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali ochildi. Festivalga o‘nlab mamlakatlardan yuzlab mehmonlar tashrif buyurdi.

Hunarmandchilikning 34 yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistondan 1116 nafar, 29 yo‘nalishi bo‘yicha 78 davlatdan 191 nafar hunarmand qatnashishi kutilgan festivalning ochilish marosimida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Shuningdek, prezident farg‘onalik ziyolilar bilan gaplashdi, xalq ichiga kirib qutladi, Qo‘qon va Marg‘ilonni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, prezident tashrifi mobaynida Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida kelajakda narxi 3 ming dollarli arzon elektromobillar ishlab chiqarilishi aytildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Festivalda g‘aroyib hunarmandlik namunalari namoyish qilindi. Xiyobonda 50 metr uzunlikda ko‘za va piyolaning 3D rasmi ishlandi. Surxondaryoliklar tikkan 25 metrli ulkan so‘zana ham keltirib ilib qo‘yildi.

Festival ochilishi katta mushakbozlik bilan hamohang bo‘ldi. Har xil rangli besh mingta mushak otildi. Qo‘qon butunjahon hunarmandlar shaharlari ro‘yxatiga kiritildi.

Daryo yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.