Toshkent shahar jamoat transporti faoliyati (va asosan muammolari)ni yoritib boruvchi Telegram’dagi “Ko dnu” kanalida “Toshshahartransxizmat” tanqidiga bag‘ishlangan navbatdagi post e’lon qilindi. Unda ta’kidlanishicha, 15-sentabr, yakshanba kuni aksariyat avtobus yo‘nalishlarida avtobuslar har doimgidan kamroq bo‘lgan, soat 20:00 arafasida esa qatnovlarda deyarli avtobus qolmagan.

Bugun, 15-sentabr kuni poytaxtda eng haqiqiy transport inqirozi yuz berdi: haddan tashqari ko‘p avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilmadi, hatto markaziy va zarbdor yo‘nalishlarda ham oraliq vaqt mislsiz uzayib ketdi, ayrim yo‘nalishlar, aftidan, bugun mutlaqo ishlagani ham yo‘q yoki faqat kunning birinchi yarmida ishladi, chunki tushdan so‘ng ko‘plab markaziy bo‘lmagan yo‘nalishlarda avtobus mutlaqo bo‘lmadi.

Oqshomga yaqin esa hatto markaziy yo‘nalishlar ham batamom bitib, hozirgi vaqtda (mahalliy vaqt bilan soat 19:26 da) yer usti transporti bilan qayergadir yetib olish imkonsiz. Ko‘plab yo‘lovchilar nima bo‘layotganini tushunmayapti, nima uchun avtobuslar bunchalik vaqtli avtosaroylarga qaytib kirib ketdi o‘zi? Tabiiyki, bu holat hozir avtobus bekatlarida to‘planib, hech qayerga keta olmay turgan odamlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Ular — yo‘lovchilarni qandaydir yo‘l bilan bo‘lsa-da ogohlantirishi, ubugun qandaydir juda jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelib, oqibatda yo‘nalishlarga mumkin bo‘lmagan darajada kam avtobuslar chiqarilganini tushuntirishi kerak bo‘lganlar esa jim. Yo‘lovchilar bunga ruhan tayyor bo‘lishi, o‘z harakatlarini oldindan rejalashtira olishlari, avtobus kutib bekorga vaqt yo‘qotmasligi uchun ham ogohlantirish lozim edi.

Endi nima bo‘ladi? Bir olam g‘azabnok yo‘lovchilar — kimningdir dam olish kuni oqshomidagi rejalari barbod bo‘lgan, kimdir esa shunchaki ishdan chiqib, uyiga ketolmay halak. Ertaga, dushanba kuni nima kutaylik? “Toshshahartransxizmat”, hozir tinimsiz shikoyat yo‘llayotgan darg‘azab yo‘lovchilar nomidan senga bunday “g‘amxo‘rlik” uchun “rahmat” aytamiz!

Telegram’dagi “Ko dnu” kanali

Kanal mualliflari, shuningdek, “Qora yakshanba yoki yakshanbadagi transport inqirozi” sarlavhasi bilan yo‘lovchilar bilan to‘lib-toshgan 118-yo‘nalishdagi MAN avtobusi suratini ham e’lon qilgan va unga shunday izoh qoldirilgan:

Foto: Telegram / @kodnu

“Poytaxt jamoat transporti tizimida yuzaga kelgan muammolar haqida, ular bugungidek yetarli darajada keng ko‘lamli va global miqyosga chiqqanida ham, hech qanaqasiga va biror joyda axborot berish odat tusiga kirmagan. Xuddi hammasi yaxshi va hech narsa bo‘lmagandek ko‘rinish osonroq”.