Toshkentning Abay va Navoiy ko‘chalari kesishgan chorrahada 15-sentabr, yakshanba kuni soat 13:30 atrofida ikki avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan kumushrang Nexia-2 mashinasi haydovchisi chorrahada chapga burilib, asosiy yo‘l bo‘ylab kelayotgan oq rangli Nexia-3 avtomobiliga yo‘l bermagan.

Oqibatda Nexia-3 avtomobili Nexia-2 ga kelib urilgan. Nexia-2 ning old o‘rindig‘ida o‘tirgan 1979-yilda tug‘ilgan Dilorom X. olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida halok bo‘lgan. “Uning qarindoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz”, — deyiladi IIBB axborotida.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Xuddi shu avtomobilda bo‘lgan yana ikki yo‘lovchi — orqa o‘rindiqda uch yoshli bolasi bilan birga o‘tirgan ayol (hozirda uning shaxsini aniqlash ustida ish olib borilmoqda) — tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. IIBB axborotida ularning joriy ahvoli haqida ma’lumot berilmagan.