Rossiyalik bloger Guseyn Gasanov 15-sentabr, yakshanba kuni Toshkentdagi Central Park’da o‘zbekistonlik muxlislar bilan uchrashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda uchrashuvdan videolavhalar tarqaldi.

Xususan, rossiyalik blogerning Instagram’dagi sahifasida e’lon qilingan storislarda uning muxlislar (ular orasida yigitlar ko‘pchilik) ortidan yugurayotgani, u bilan ko‘rishish maqsadida, hatto ichki ishlar xodimlarining qarshiligini ham yengib o‘tishga urinayotganini ko‘rish mumkin.

Guseyn Gasanov O‘zbekistonga tashrifi davomida nafaqat Toshkentda, balki Samarqand va Qo‘qonda ham bo‘lgan. U aynan nima maqsadda kelgani ma’lum emas, biroq ayrim manbalarga ko‘ra, u Prezidentning kuyovi Otabek Umarov taklifiga ko‘ra O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

Jumladan, bloger Instagram’dagi storislarida Otabek Umarov bilan birga tushgan suratini ham joylagan. E’tiborga molik tomoni, storislarning birida Gasanov garajdan Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan oq rangli Gelandewagen’ni haydab chiqayotganini ko‘rish mumkin — mashina garajda Tesla Model S bilan yonma-yon turgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil fevralida turk aktyori Burak O‘zchivit O‘zbekistonga kelganida uning ortidan yugurib yurgan o‘zbekistonlik qizlarning video va suratlari tarqalgan hamda bu holat tanqid ostiga olingan edi.