“Toshshahatransxizmat” kompaniyasi 15-sentabr kuni Toshkent shahar jamoat transporti qatnovlarida yuz bergan uzilishlar yuzasidan izoh berdi. Kompaniya izohida ta’kidlanishicha, yakshanba kuni haqiqatan ham “turli omillar sabab” aksariyat yo‘nalishlarda avtobuslar harakat jadvalidan ko‘ra kamroq harakat qilgan.

“Toshshahartransxizmat”ning izohida bunga aynan qanday omillar sabab bo‘lgani ochiqlanmagan. Kompaniya 15-sentabrdagi uzilishlar yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilib, 16-sentabr, dushanba kunidan boshlab poytaxtda avtobuslar yana belgilangan asosida harakat qilishini bildirgan.

Foto: Telegram / @kodnu

“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi jamoasi hamisha bir maqsad sari intiladi. U ham bo‘lsa yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishdir. Ayniqsa, dam olish kunlari kelgusi hafta uchun tayyorgarlik ko‘rish, avtobuslarni texnik soz holda yo‘nalishga chiqarish, yoqilg‘i masalalarini o‘z vaqtida hal etish maqsadida kechayu kunduz samarali mehnat qilishlariga to‘g‘ri keladi.

15-sentabrdagi dam olish kuni ham “Toshshahartransxizmat” jamoasi uchun sinovlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, turli omillar sabab aksariyat yo‘nalishlarda transport vositalarining harakat jadvalidan kamroq harakat qilgani va bu turli ijtimoiy tarmoq va jamoatchilik o‘rtasida biroz noroziliklarga ham sabab bo‘ldi.

Yo‘nalishlardagi 15-sentabr kuni kuzatilgan uzilishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi. Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida jamoa mas’uliyatni ikki karra oshirdi. Jamiyat tomonidan ertangi kun (16-sentabr, dushanba) uchun barcha yo‘nalish avtobuslarini jadval asosida chiqarish uchun kerakli ishlar amalga oshirildi.

16-sentabrdan boshlab avtobus qatnovlari yana belgilangan jadval asosida o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Shu o‘rinda, aziz yo‘lovchilarimiz va ijtimoiy tarmoq vakillaridan so‘rab qolardik: jamoat transporti, ayniqsa avtobuslar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda, turli asossiz ma’lumotlarga tayanmasliklarini, jamiyatga murojaat qilib vaziyatga oydinlik kiritsalar. Zero, har bir mulohaza jamoatchilikda salbiy fikr uyg‘otishi mumkin.

“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati