Andijon shahrining Yangibozor hududidagi yetti qavatli uylar atrofida 20 nafardan ortiq ayol o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik katta janjalga aylanib ketdi. Ularni Milliy gvardiya va IIB xodimlari ajratishga uringan, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov.

Foto: “Kun.uz”

Andijon viloyati IIB matbuot xizmatiga ko‘ra, 2019 yil 11-sentabr kuni soat 17:30 chamasida Andijon shahri, Buyuk Turon ko‘chasi hududida joylashgan birinchi va ikkinchi sonli ko‘p qavatli uylar oldida bir necha ayol janjallashayotganligi to‘g‘risida shu hududda xizmatda bo‘lgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi patrul–post xizmati xodimi J.Shokirovga xabar kelib tushgan.

Ushbu xabarda berilgan manzilga zudlik bilan IIB va Milliy gvardiya maxsus bataloni xodimlari yetib kelib, janjalning oldini olish chorasi ko‘rilgan. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, janjal Andijon shahrida yashovchi fuqaro P.U. fuqaro S.M.ga qarashli 1-uy, 9-xonadonda ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ustalarning shovqin-suronidan shikoyat qilganligidan kelib chiqqan. Ushbu fuqarolar hamda janjalda ishtirok etgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi M.D., R.Z., N.N. va M.M. Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga qarashli 6-sonli IIBga olib borilib, shaxslarni hisobga olish kitobida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan bo‘lim tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, yuqoridagi shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 41 va 52-moddalari tartibida chora ko‘rishni hal qilish uchun to‘plangan hujjatlar Andijon shahar ma’muriy sudiga yuborilgan.