Kolumnistimiz Sarvar ustaning yozishicha, qovunlar mamlakati kazo-kazolari ijtimoiy masalalarni hal qilishda davom etmoqda. Navbatdagi sammitda ko‘rib chiqilgan masala haqida quyida o‘qishingiz mumkin.

Talabalar paypog‘ining uzunligi, xotin-qizlarning ro‘moli, erkaklarning soqoli, to‘y-tadbirlardagi mashina sonini tartibga soluvchi mutasaddi peshvolardan yana bir yangilik. Darvoqe, nega sammit? Ma’lum bo‘lishicha, majlis, kengash, yig‘ilish, sho‘ro so‘zlari eskirib-chirib ketgani, forum, konferensiya, simpozium, brifing iboralari tez modadan qolgani uchun mutasaddi organlarning navbatdagi yig‘ilishiga birato‘la sammit nomi berildi.

Foto: Sputnik

Oxirgi haftada respublika ma’rifat markazida xalq deputatlari bilan hamkorlikda hojatxonada qanday o‘tirish mavzuida sammit bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilganlar dolzarb fikrlar va takliflarni o‘rtaga tashladi va kengash bir ovozdan masalaning dolzarbligini e’tirof etib, yakunida tavsiyaviy xulosalar chiqardi. Sammit xulosalari yangi qarorga asos sifatida xizmat qiladi.

Sammitda taniqli deputatlar, ma’naviyat mafiyasi sardori, madaniyat namoyandalari, partiyalar va ekologik harakat faollari, diniy kartel imomlar, ichki ishlar polkovnigi, huquqni muhofaza qilish organi vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni (jin ursin, sammitga tilim kelishmayapti) senator ochib berdi:

- Hozirgi kunda jamiyatimizda eng dolzarb bo‘lib turgan, turli maishiy va ijtimoiy jarayonlarga ta’siri katta bo‘lgan hojat chiqarish masalasi alohida e’tibor talab qilmoqda. Biz hukumatimiz g‘amxo‘rligi ostida bu imkoniyatdan bahramand bo‘lmoqdamiz, biroq sohada talay ko‘zga ko‘ringan muammolarni e’tirof etish lozim. Hozirga qadar bu sohada dunyoda yetakchilar safida emasmiz. Qator mahalliy va xorijiy nashrlar tomonidan e’tirof etilgan bu masalani ko‘rib chiqib fuqarolar uchun tegishli tavsiyalar ishlab chiqish bugun har kungidan dolzarb bo‘lmoqda.

Sanepidstansiya sohasi bo‘yicha yirik olim bu jarayon insonning tabiiy ehtiyoji ekanligini foto va videomateriallar bilan sharhlab, uzog‘i bilan ikki kunda bir marta amalga oshirish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. O‘z vaqtidan kechiktirish noxush oqibatlarga olib kelishi, xususan, respublika ekologiyasiga jiddiy ziyon yetkazilishini tilga oldi. Ekologiya harakati vakillari olimning fikriga qo‘shilgan holda ta’lim va boshqa dargohlarda nazorat-o‘tish punktlari (NO‘P) tashkil etilib, kiruvchilarning qorin sohasini skanerlab o‘tkazish talabini ilgari surdi.

Jurnalistlar uyushmasining viloyat bo‘limi raisi mavzuni davom ettirib, mazkur jarayonni tartibga solish uchun tegishli muassasalar oldiga militsiya xodimini biriktirish taklifini berdi. Ma’naviyat sardori esa muassasa tozaligini saqlash maqsadida mijozlar har bir xonaga militsiya hamrohligida kirishini qonun bilan belgilab qo‘yishga chaqirdi. “Ijodkor erkak” jamg‘armasi raisi bu jarayonni markaziy telekanallar orqali onlayn uzatish maqsadga muvofiqligini qayd etdi.

“Kamolot”chi yosh va iste’dodli shoir “Aylanaman, shahar kezib aylanaman, panaroq bir joy topolmay qiynalaman” deb boshlanuvchi yangi she’rini fursatdan foydalanib o‘qib berish istagini bildirdi, ammo rasmiy kengash bo‘lgani sababli uni zo‘rg‘a to‘xtatib qolishdi.

Xo‘sh, reglament va belgilangan tartib-qoidalarga amaliyotda qanday rioya etish mumkin? Qanday o‘tirish orqali tez tugatish mumkin? Bularning bari tez orada chop etiladigan yangi qarorda o‘z aksini topadi. Ma’lumot tariqasida aytish mumkinki, bu jarayonni, asosan, ikki xil usulda amalga oshiriladi: chinnituvak va “Genuya” yertuvagida. Tibbiy nuqtai nazardan bu amalni bajarishning optimal shartlari ishlab chiqiladi.

Ushbu tavsiyalar katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lib, fuqarolarimizni ichqotish, churra, bavosil kasalliklaridan asraydi. Tayyor mahsulotga qarash va hidlash taqiqlanadi, tibbiy tahlil uchun rejalashtirilgan vaziyat bundan mustasno. Unda turli mikroorganizmlar va anomaliyalar sezilsa, zudlik bilan tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish shart. Bularning barchasi yangi qarorda hisobga olinadi.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.