Hafta avvalida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi to‘y egasi bo‘lgan ayolning bo‘yniga “pulchambar” osilgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari “puldan ko‘ylak kiygan ayol” deya talqin qilgan edi.

Foto: YouTube

Ushbu holat O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘rganildi. O‘rganish natijalari Xotin-qizlar qo‘mitasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati tomonidan “Daryo”ga taqdim etildi.

“O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy rahbariyati ushbu vaziyatni joyiga borib o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur to‘y lo‘li millatiga mansub fuqarolarning nikoh to‘yi bo‘lib, ular to‘yonani bir tizimchaga pullarni terib, xuddiki gulchambar singari (pulchambar shaklida, albatta) bo‘yinga osib qo‘yish orqali taqdim qilisharkan. Biz ko‘rib turgan ‘libos’ esa aslo libos bo‘lmay, balki bo‘yinga ustma-ust osilganidan hosil bo‘lgan ‘pulchambar’lar uyumi ekan.

Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari o‘rganish jarayonida ushbu fuqarolar bilan suhbatlashib, O‘zbekiston so‘mi milliy valyutamiz ekanligi, u davlatimiz ramzi sifatida alohida muhofaza qilinishi hamda biz barcha millatlar qatorida lo‘lilarning ham urf-odatlarini hurmat qilsak-da, qonun barchaga barobar ekanligi xususida tushuntirishlar berdi”, — deyiladi Xotin-qizlar qo‘mitasining rasmiy bayonotida.