O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva Instagram’dagi sahifasida opasi — Gulnora Karimovaning taqdiriga oid savolga javob berdi.

Foto: “Xabardor.uz”

“Xabardor.uz”ning xabar berishicha, Lola Karimovaning posti ostida qoldirilgan kommentlarning birida quyidagicha savol berilgan: “G‘alati savolim uchun kechirasiz. Opangizga achinmaysizmi?”.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda sharhlarga javob qaytarishni odat qilgan Lola Karimova-Tillayeva opasining taqdiriga hamdard ekani haqida yozgan: “Men uning taqdiriga hamdardman. Uning ozod qilinishi masalasiga ijobiy ta’sir ko‘rsata olmayman. Shubhasiz, bu mening xohishimga emas, balki sud tizimiga bog‘liq... Men opam uchun faqat duo qila olaman”.

Skrinshot: Instagram

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil avgustida Bosh prokuratura tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan yana uchta holat bo‘yicha — davlat mulkini talon-toroj qilish, O‘zbekiston manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan edi.