“Rozetta” kosmik apparati 67P/Churyumov–Gerasimenko kometasida balandlikdan qulagan va yumalab pastga ketgan xarsangtoshlarni suratga oldi. Ta’kidlash joizki, xarsangtoshning yumalashi kometaning 2014 va 2016-yillar orasida olingan suratlarini tekshirish asnosida ko‘rib qolingan. Ikki yil davomida “Rozetta” kometaning Quyoshga yaqinlashgani sayin sirtida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lishini tasvirga tushirib borgan.

Foto: EKA

“Rozetta”ning missiyasi uch yil muqaddam tamom bo‘lgan bo‘lsa-da, u jo‘natgan materiallarni o‘rganish uchun hali ancha ko‘p vaqt – bir necha o‘n yillar kerak. Xususan, uning bortiga o‘rnatilgan birgina OSIRIS kamerasining o‘zi 76 ming surat yuborgan. Unda kometaning Quyoshda yaqin borgani sari qanday o‘zgarishlarga duchor bo‘lgan muhrlangan. Xususan, Quyoshning kometa sirtini qizdirishi kuchaygani sayin uning sirtidagi muz erishi, chang ko‘tarilishi va qa’ridan gazlar chiqib kela boshlashi suratlarda aks etgan. Ushbu moddalar jamlanib, atrof-koinotga sochila boshlashi, ya’ni kometaning dumiga aylanishini “Rozetta” yuborgan suratlar orqali xronologik tartibda ko‘rish mumkin.

Shuningdek, o‘sha suratlarni tekshirish asnosida astronomlar kometa sirtidagi tepaliklardan xarsangtoshlarning pastga qulashi va o‘zidan iz qoldirib yumalashiga guvoh bo‘ldi. Garchi, kometaning tortish kuchi Yernikidan o‘n ming marta sust bo‘lsa-da, biroq bu tortishish yirik xarsanglarni tutib turishga yetarli bo‘lmoqda ekan.

Masalan, kometaning “bo‘yni” hisoblanadigan tor ingichka qismidagi taxminan 50 metrlik balandlikdan o‘n metrcha keladigan xarsang pastga qulagan va qum tekisligi bo‘ylab iz qoldirib, ancha joygacha yumalab borgan. Taxminlarga ko‘ra, o‘sha xarsangning massasi 230 tonna atrofida bo‘lishi mumkin ekan.

Foto: EKA

Bunday xarsanglarning yumalashini tekshirish asosida olimlar 67P kometasining tuzilish strukturasini yaxshiroq aniqlashi mumkin bo‘ldi. Xususan, ma’lum bo‘lishicha, o‘sha xarsang oddiy qorparchasidan 100 marta mo‘rtroq ekan. Demakki, kometaning o‘zi ham ancha mo‘rt moddadan tuzilgan bo‘lishi mumkin. “Rozetta” missiyasini boshqargan olimlardan biri Jan-Batist Vinsenning so‘zlariga ko‘ra, kometa sirtidagi aynan shunday faollik, ya’ni toshlarning qulashi unga yaqinroq borishga imkon bermagan. Har doim qulayotgan xarsang unga yaqin kelib turgan kosmik apparatni shikastlab qo‘yishi xavfi bo‘lgan uchun “Rozetta” kometaga nisbatan masofa saqlashga majbur bo‘lgan.