Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati Chimyonda turistik avtobusning yo‘ldan chiqib ketishi hodisasi yuzasidan axborot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 22-sentabr, yakshanba kuni soat taxminan 15:30 da “Toshkent—Chimyon” yo‘lining 81-kilometrida yo‘l chetida joylashgan avtoturargohda yuz bergan.

Toshkentdagi Easy Go Trans kompaniyasiga tegishli Golden Dragon avtobusi (2016-yilda ishlab chiqarilgan, texnik soz holatda bo‘lgan) avtoturargohda haydovchisiz va yo‘lovchilarsiz, uzatmalar qutisi neytral holatda turgan vaqtda o‘z-o‘zidan qo‘zg‘alib ketgan.

Oqibatda taxminan 30—40 metrlar yurib, qatnov yo‘lining o‘ng tomonidagi pastlikka taxminan 10 metrlarcha tushib, to‘xtab qolgan. “Hodisa oqibatida hech kim jarohatlanmagan, avtobus texnik shikastlangan, uni qisqa muddatda chiqarib olish choralari ko‘rilgan”, — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilishlaricha, avtobus 20 nafar hindistonlik sayyohni olib ketayotgan bo‘lgan.