Ijtimoiy tarmoqlarda 23-sentabr, dushanba kuni erta tongdan Xorazm viloyatida aholi noroziligi aks etgan videoyozuvlar tarqaldi.

Videolarning birida Urganch shahri hokimi Shuhrat Abdullayev ham bor — u yo‘l o‘rtasiga chiqib olgan odamlar orasida turganini ko‘rish mumkin (ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan boshqa videolarda aholi oldiga Gurlan tumani hokimi ham chiqqani aks etgan).

Keyingi videoda esa yo‘l o‘rtasiga chiqib olgan odamlarning ayrimlari (ular orasida ayollar ham bor) kuch bilan avtobusga olib chiqilayotgani aks etgan.

Xorazmda aynan nima bo‘layotgani, odamlar nimadan norozi ekani haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q; vakolatli organlar hali biror izoh bermadi.

Avvalroq, 26-iyul kuni Xorazm viloyatida “snos”ga tushgan uylari uchun oylab kompensatsiya pulini ololmagan aholi “Urganch—Xonqa” yo‘lini to‘sib qo‘ygan edi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov zudlik bilan Xorazmga yetib borgan, 27-iyul kuni bosh vazir raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayevga hayfsan berilgan edi.

Prezident raisligida 2-avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida esa Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov qattiq tanqid qilingan, shundan so‘ng u hokim aholidan uzr so‘ragan edi.