Xorazm viloyati IIB 23-sentabr kuni viloyatda yuz bergan va videolari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Viloyat IIBning rasmiy munosabati bilan quyida to‘liq tanishish mumkin.

Xorazm viloyati Gurlan tumanida yashovchi, 1963-yilda tug‘ilgan fuqaro Mahmud Rajapov bugungi kunda o‘ziga nisbatan Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida, tergovdan qasddan bosh tortmoqda va o‘zining ushbu maqsadini amalga oshirishda yaqin qarindoshlarini, hatto yosh bolalarni ham jalb qilmoqda.

Jumladan, Mahmud Rajapov Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga bir necha marotaba chaqirilishiga qaramasdan, tergovga kelishdan bo‘yin tovlagan. 2019-yil 20-sentabr kuni tergov guruhi tomonidan Mahmud Rajapov bilan tergov harakatlari o‘tkazish uchun uning uyiga borilganda, u ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan, kelgusida hech qanday tergov organlariga bormasligini bildirib, o‘zining atrofiga yaqin qarindoshlari va oila a’zolarini ham to‘plab, ichki ishlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlariga to‘sqinlik qilgan va bu jarayonlarni uyali telefoni orqali videoga olib, Facebook’dagi sahifasiga joylashtirgan.

Shuningdek, Mahmud Rajapov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali aholini davlat organlaridan norozi bo‘lishga undovchi turli xil vaziyatlarni yoritish bilan shug‘ullanuvchi, 1987-yilda tug‘ilgan Nafosat Ollashkurovani jalb etib, keng jamoatchilikning e’tiborini tortish, aholi o‘rtasida davlat organlariga ishonchsizlik uyg‘otish orqali o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining tugatilishiga erishish maqsadida, 22-sentabr kuni soat 16:00 larda oila a’zolari va yaqin qarindoshlarini to‘plab (jami 12 kishi), Toshkent shahriga borib, IIV rahbariyati bilan uchrashishini aytib, Gurlan tumanidagi uyidan piyoda yo‘lga chiqqan.

Ular yo‘lning qatnov qismida piyoda yurib, transport vositalarining harakatiga xalal berganliklari sababli, ular bilan bog‘liq salbiy holatlar kelib chiqishini oldini olish maqsadida ularning yoniga Gurlan tumani hokimi va Xorazm viloyati IIB boshlig‘i shaxsan kelib, ular bilan uchrashib, bu xatti-harakatlari qonunga xilof ekanligini, uylariga qaytishlarini tushuntirgan bo‘lsalar-da, ular ushbu talablarga rioya etmasliklarini bildirib, bu jarayonlarni ham Nafosat Ollashkurova Facebook’dagi “Shabnam Olloshkurova” nomli sahifasida ijtimoiy tarmoqdagi do‘stlari safiga qo‘shilgan foydalanuvchilar e’tiboriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri video orqali yetkazib borgan.

Mahmud Rajapov o‘ziga hamrohlik qilayotgan oila a’zolari va yaqin qarindoshlari bilan 23-sentabr kuni Urganch shahrining Xonqa ko‘chasida yo‘lning qatnov qismida transport vositalarining harakatiga to‘sqinlik qilib, aholini e’tiborini tortish niyatida piyoda yurish orqali o‘zlarining noroziligini namoyon etdi va ushbu holatlarni Ollashkurova o‘z sahifasida jonli tarzda yoritib bordi.

Ular bilan Urganch shahar hokimi uchrashib, namoyishlarni o‘tkazish uchun tegishli tartibda ruxsat olish kerakligini va bu namoyishlar boshqa shaxslarning kundalik turmush tarziga salbiy ta’sir etmasligi lozimligini tushuntirgan bo‘lsa-da, ular davlat organlarini obro‘sizlantirishga, fuqarolarning ularga ishonchini yo‘qotishga qasddan harakat qilib, shovqin-suron ko‘tarib, ommaning e’tiborini o‘zlariga qaratishga urindi va bu jarayonlarni to‘lig‘icha ijtimoiy tarmoqlarda jonli tarzda yoritib bordi.

Mahmud Rajapov va unga hamrohlik qilgan oila a’zolari hamda yaqin qarindoshlarining qonunga xilof ushbu harakatlariga chek qo‘yish va huquqiy baho berish uchun ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan hududiy ichki ishlar bo‘limiga keltirildi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, Mahmud Rajapovning 22—23-sentabr kunlari avtomobil yo‘llarida piyoda yurish orqali namoyon etgan noroziligini yaqin qarindoshlari va oila a’zolaridan boshqa biror-bir fuqaro qo‘llab-quvvatlamadi va unga hamrohlik qilmadi.

Shu o‘rinda, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzganlik uchun amaldagi qonunchiligimizda javobgarlik belgilanganligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Xorazm viloyati IIB axborotidan