“Daryo” kolumnisti an’anaviy ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

DXX estetikasi va prokuratura gigiyenasi

Bosh vazifasi O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini hamda boshqa davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishdan iborat bo‘lgan DXX hamda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘lgan Ichki ishlar bosh boshqarmasining vakolatlari qatoriga etika, estetika, gigiyena, madaniyat va turizmni rivojlantirish ishlari ham qo‘shildi. O‘tgan haftada ma’lum bo‘lgan bu yangilikni siz bilan baham ko‘rgimiz keldi. Qaror-paror, buyruq-muyruq chiqib ulgarmasdan ular ishga kirishgani diqqatga sazovordir.

Foto: “Euromag.ru”

Aslida-ku, ko‘chani shifokor tozalaydigan, dinni qo‘shiqchilar o‘rgatadigan, bug‘doyni melisa poylaydigan, paxtani harbiylar teradigan yurtimiz uchun buning g‘ayritabiiy joyi yo‘q.

“Malika” bozorida melisa-sartaroshlar tomonidan soqoli olingan Jamoliddin Muhammadjon voqeasi esingizdami? U Inson huquqlari bo‘yicha Respublika milliy markaziga murojaat yo‘llagandi. Shu xatga prokuraturadan javob kepti. 4–5 ta imlo xatosiga qaramay, o‘qib chiqsangiz, xat ancha tushunarli yozilgan. Ma’lum bo‘ldiki, “Mazkur tadbir fuqarolarning tashqi ko‘rinishi ularning biometrik pasporti bo‘lgan sur’atlari (suratlari deyishmoqchi – ta’kid “Daryo”niki) o‘rtasidagi tafovutni oldini olish hamda ish joylarida etika, estetika va gigiyena qoidalariga zid kelganligi uchun ushbu savdo majmuasiga kelgan mijozlar va shahrimiz mehmonlariga yurtimizning madaniyatini chiroyli tarzda ifoda etish maqsadida o‘tkazilganligi ma’lum bo‘lgan”.

“Shahrimiz mehmonlariga yurtimiz madaniyatini chiroyli ifoda etish” nima degani bo‘ldi? Madaniyatning umumiy qabul qilingan me’yorlari qanday va unda soqol olinsin/olinmasin deyilgan joyi bormi? Ehtimol, kelayotgan mehmonlar soqolsiz bo‘lsa, ularga o‘xshab kutib oling, deyilgandir. Ha, to‘ppa-to‘g‘ri, pulni ular keltiryapti-ku, o‘zimizga o‘xshasang, sarmoya beramiz, deydi-da.

Foto: Facebook

Ammo ularga o‘xshashni istasak, Jamoliddin Muhammadjon voqeasidan-da qiziq vaziyatlar tug‘iladi. Tailandliklar kelsa, barcha erkaklar sochi qirilsin. Arablar kelyaptimi? Darrov g‘utraro‘mol va uzunko‘ylakni hozirlang. “Tolibon” tashrif buyursa, cholvor-kamzulni ustingizga iling. Hind sikhlari mehmon bo‘ladi: yoz chillasida salla o‘rang. Shotlandiyalik sarmoyachilar biznes qilmoqchimi? Barcha erkaklar yoppasiga katakli yubka kiying. Ha, biz hamma masxarabozlikni uddalayiz.

Ko‘paytiraylikmi, kamaytiraylikmi?

So‘nggi vaqtda sobiq sovet merosiga qaytishda ancha-muncha qadam bosib qo‘ydik. “Qizil davr”ga xizmati singgan ulug‘larimiz nomini tikladik, texnikumlar ta’sis etildi, kanalni qayta nomladik. O‘tgan haftadagi xabarga ko‘ra, “O‘zbekistonda ‘Qahramon ona’ ordeni qayta ta’sis etilishi mumki” ekan. Bunisi qiziq bo‘ldi-ku. “Qahramon ona” ordeni ta’sis etilishidan maqsad aholi sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirishdir. Urushdan keyin odam sonini ko‘paytirish uchun “ko‘p tug‘ishni quvvatlash” siyosati yuritilgan. 80–90-yillarga kelib munday qaralsa, aholimiz soni keragidan ortib ketibdi, shundan keyin “kam tug‘ish”ga targ‘ib etila boshladi (“Temir xotin”dagi Qo‘chqorvoyning Olimjonga aytganini eslang). Ko‘p o‘tmay mustaqil bo‘ldik, elektr o‘cha boshladi, aholi soni esa 90-yilga nisbatan 65 foizga o‘sdi (1990-da 20 million, hozir – 33 million). Bunday demografik portlash sobiq sovet respublikalaridan faqat O‘zbekistondadir.

Foto: “Kun.uz”

Marhum prezident 2012-yilda aholi soni oshishini nazoratga olish haqida gapirgan, hatto aholini sterilizatsiyalash (tug‘maydigan qilish) bo‘yicha maxfiy topshiriq borligi ham internetga sizib chiqqandi. Yashirib nima qildik, o‘sha yillari kontratseptivalar, bevaqt homiladorlikda saqlanish targ‘ibotidan tortib, odamlarga bepul prezervativgacha ulashilgan. Maqsad tug‘ilishni ozaytirish edi.

Biz kam tug‘dirishga shaylanib tursak, davlatimiz endi ko‘p tug‘sang orden beraman, deb turibdi. Avval ozaytirish kerakmi yo ko‘paytirish – aniqlab olaylik. Bu ham ijrosi yo‘q palapartish hujjatlarning birimi yo?

Menimcha, sovet merosiga qaytishda ozgina oshirib yuborildi.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.