Yangi olib borilgan tadqiqotda olimlar Venera sayyorasi uzoq o‘tmishda qanday bo‘lgani borasida o‘z taxminlari bilan o‘rtoqlashdi. Ta’kidlanishicha, 700 million muqaddam yuz bergan bir fojia sayyora qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuborgan.

Venera 3D modeli.
Foto: FunScience

“Bizning gipotezaga ko‘ra, Venera iqlimi milliard yillar mobaynida barqaror bo‘lgan”, – deydi NASA’ning Goddard kosmik tadqiqotlar instituti sayyorashunosi Maykl Vey.

Muqaddam o‘tkazilgan tadqiqotlarda boshqa olimlar Veneraga o‘xshash sayyoralar topografiyasini modellashtirgan edi.

Bu 3D modellarga muvofiq, Venera umrining asosiy qismida uning yuzasida suyuq suv va faol tektonik plitalar bo‘lgan, demak, uning iqlimi Yerniki kabi barqaror va mo‘tadil bo‘lgan. Bu davr, kompyuter modellariga ishonadigan bo‘lsak, 3 milliard yil davom etgan.

Turli ssenariylar asosida qilingan xulosaga muvofiq, qadimgi Venera Selsiy bo‘yicha 20–40 darajada yuzasida suyuq suv saqlab turgan bo‘lishi mumkin.

Taxminan 700 million yil muqaddam ro‘y bergan hozircha tushunarsiz ofat tufayli Venera bugungi shaklga kelgan. Atmosfera tarkibi ushbu sayyorada havo harorati va bosim nihoyatda yuqori bo‘lib turishiga asosiy sababdir.

Taxminlarga ko‘ra, qandaydir sababga ko‘ra atmosferaga juda katta miqdorda gaz chiqib ketgan. Yer sayyorasida ham taxminan 500 million yil avval shunga o‘xshash voqea ro‘y bergan – o‘shanda Sibirda juda katta miqdorda zaharli unsurlar chiqib ketgani bois ommaviy qirilish yuz bergandi.

Shu asosida olimlar nafaqat Venera, balki unga o‘xshash ekzosayyoralarda ham tiriklik mavjud bo‘lishi uchun sharoit bo‘lgan degan xulosaga keldi.