AQSh vakillik palatasi spikeri Nensi Pelosi prezident Donald Trampga impichment e’lon qilishga asos bor yoki yo‘qligini aniqlash borasida rasmiy jarayon boshlanganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Meduza.

Foto: Reuters

“Men shuni ma’lum qilamanki, Vakillik palatasi impichment masalasi bo‘yicha rasmiy tergovni boshladi. Men oltita qo‘mitaga o‘zlarining tergovlarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma beraman”, — deydi Pelosi.

Trampning o‘zi esa ushbu vaziyatni “jodugarlar ovi” deb atab, o‘zini chetlashtirishga bo‘lgan urinishlar faqat foydasi uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Donald Trampning Demokratlar partiyasidagi raqobatchilari uni boshqalarga qarshi kurashda mavqeidan foydalanganlikda gumon qilmoqda: Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uyushtirgan telefon suhbati chog‘ida undan sobiq vitse-prezident Jo Baydenning o‘g‘liga nisbatan tergov boshlashini so‘ragani ta’kidlanmoqda.

Impichment e’lon qilishini uchun prezidentning chetlatilishiga dastlab Vakillik palatasining yarmi, undan keyin Senatning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak. Hozirda Senatning aksariyat qismi respublikachilarga tegishli, shu sabab Trampga impichment e’lon qilinish ehtimolligi juda kam.

AQSh tarixida uch marotaba impichment bo‘yicha harakatlar olib borilgan — Endryu Jonson, Richard Nikson va Bill Klintonga qarshi. Jonson va Klinton Senat tomonidan oqlangan, Nikson esa o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqqan.