Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov 14-avgust kuni “Kun.uz” xodimlariga tahdid qilgan edi. Oradan bir kun o‘tib Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan Vahobovning videointervyusi e’lon qilindi va unda hokim o‘rinbosari “Kun.uz” muxbiri Rahmatilla Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif etgani haqidagi da’voni ilgari surgan edi.

Foto: “Kun.uz”

Abdurasul Vahobovning mazkur da’vosidan so‘ng “Kun.uz” zudlik bilan o‘z ichki surishtiruvini o‘tkazgan, muxbir Rahmatilla Isroilov o‘ziga nisbatan hokim o‘rinbosari Vahobov ilgari surayotgan ayblovlarni rad etgan edi. Shuningdek, Rahmatilla Isroilov o‘ziga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilgani uchun Olmazor tuman hokimi o‘rinbosariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Prezident virtual qabulxonasi orqali Bosh prokuraturaga shikoyat yo‘llagandi.

Keyinroq mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgani, ushbu tekshirish jarayonlari esa Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingani ma’lum qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, 11-sentabr kuni mazkur tergovga qadar tekshirish harakatlari nihoyasiga yetkazilgan va Abdurasul Vahobovning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Qarorda ta’kidlanishicha, Olmazor tuman hokimligi tomonidan hokim o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning xatti-harakatlari qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, u kasb etikasi va xizmat lavozimi majburiyatlariga to‘liq rioya qilgan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari”ning 12-bandida davlat xizmatchilari xushmuomala, iltifotli, odobli, e’tiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli bo‘lishi, ularni hurmat qilishi shartligi, davlat xizmatchilari o‘ziga bo‘ysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Vazirlar Mahkamasining yuqorida aytilgan qarorining 4-bandida odob-axloq qoidalari normalarining buzilishi qonun hujjatlariga muvofiq intizomiy yoki boshqacha javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lib hisoblanishi mumkin.

Biroq “Kun.uz” muxbirlariga nisbatan sodir etilgan hokim o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning videolavhalarga muhrlangan xatti-harakatlari kasb etikasi va xizmat lavozimi majburiyatlariga to‘liq rioya qilingan, deya topilgani bizni hayron qoldirdi.

Ammo eng muhimi bu emas. Gap shundaki, 11-sentabr kuni shahar prokurori o‘rinbosari A.Po‘latov tasdiqlagan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorda Abdurasul Vahobovning faqat hokimiyat binosida “Kun.uz” muxbirlariga tajovuzi bo‘yicha huquqiy baho berilgan va hokim o‘rinbosarining ushbu harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q, deya topilgan.

Ammo Abdurasul Vahobovning videomurojaatidagi muxbir Rahmatilla Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif qilgani haqidagi masala hamda muxbir Rahmatilla Isroilovning hokim o‘rinbosari Abdurasul Vahobov unga tuhmat qilayotgani haqidagi Bosh prokuror nomiga yo‘llagan murojaati bo‘yicha lom-mim deyilmagan. Axir “Kun.uz” muxbiri Rahmatilla Isroilovning Bosh prokurorga yo‘llagan murojaatining asosiy mazmuni aynan tuman hokimi o‘rinbosari unga ommaviy axborot vositalari orqali og‘ir jinoyatni sodir etishda tuhmat qilayotgani haqida edi-ku?

Masalaning yana bir e’tiborli jihati — Rahmatilla Isroilovning murojaati Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan bo‘lsa-da, uning natijalari haqidagi javob xati Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan berilgan.

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasi 5-qismiga ko‘ra javoblar murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni inkor etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.

Qabul qilingan qaror va muxbir Rahmatilla Isroilovga berilgan javob xatida nomuvofiqliklar mavjudligi, murojaatdagi vajlar mazmunan ko‘rib chiqilmagani bois mazkur masala Bosh prokuratura tomonidan qayta ko‘rib chiqilsa va ochiq qolayotgan qator savollarga oydinlik kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

“Kun.uz”ning bayonotidan