Ijtimoiy tarmoqlarda 23-sentabr kuni fuqaro Mahmud Rajabov va uning yaqinlari IIV rahbariyati bilan uchrashish uchun Toshkent tomon piyoda yo‘lga chiqqani, so‘ng ichki ishlar xodimlari ularni to‘xtatib, bo‘limga olib ketgani haqida xabar berilgan edi.

“Xabar.uz”ning yozishicha, 23-sentabrdagi voqealardan so‘ng fuqaro Mahmud Rajabov va bloger Nafosat Ollashukurova 10 sutkalik ma’muriy qamoq bilan jazolangan. Jarayonning qolgan ishtirokchilariga esa eng kam ish haqining bir (223 ming so‘m) va uch barobari (669 000 so‘m) miqdorida jarima solingan, deya xabar bermoqda Telegram’dagi @xorazm_news kanali.

Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan norozilik yurishi ishtirokchilariga organ xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatilgani haqidagi iddaolar ham paydo bo‘ldi. Biz ushbu iddaolarning haqiqatga qanchalik yaqinligini bilish maqsadida kecha ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan, bugun esa uyida dam olayotgan Mahmud Rajabovning yaqin qarindoshlaridan biri bilan suhbatlashdik.

— Ichki ishlar bo‘limida bizga hech qanday jismoniy yoki ruhiy bosimlar, qiynoqlar bo‘lmadi, — deydi Mahmud Rajabovning qarindoshi. — Bizga Xorazm viloyat IIB boshlig‘i Davron Nazarmuhamedov Mahmud Rajabovga nisbatan ochilgan ish adolatli va qonuniy ko‘rib chiqilishini kafolatlashga va’da berdi. Biz ishondik. Qolaversa, Davron Nazarmuhamedov bilan qariyb ikki soatga yaqin alohida, yakkama-yakka suhbatlashgan Mahmud Rajabovning yuzida ham tabassum va qoniqish hissini ko‘rdik.

@xorazm_news kanalida e’lon qilingan xabardan