Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)ning birinchi kosmonavti Xazza Ali al-Mansurining kosmik kemasi Xalqaro kosmik stansiyasi bilan birikkanidan keyin o‘z yurtdoshlariga salom yo‘lladi, deb xabar berdi “RIA Novosti”.

Foto: Twitter / Burj Khalifa

Avvalroq, ichida rossiyalik Oleg Skripochka, amerikalik Jessika Meirs hamda al-Mansuri bo‘lgan “Soyuz MS-15” kemasi Xalqaro kosmik stansiyasi bilan birlashgani, kema ekipaji stansiyaga o‘tgani haqida ma’lum qilingandi. U yerda rossiyalik Aleksey Ovchinin va Aleksandr Skvortsov, amerikalik astronavtlar Kristina Kuk, Nik Xeyg va Endryu Morgan, shuningdek, italiyalik Luka Parmitano bilan uchrashgan. 2015-yildan buyon birinchi marta Xalqaro kosmik stansiyasida bir vaqtning o‘zida to‘qqiz kishi uchrashdi.

Dubaydagi parvozlarni boshqarish Kosmik markazi bilan bog‘langan al-Mansuri “Allohga shukur, biz yetib keldik. Ishlar joyida, butun BAA xalqiga salom yo‘llayman”, degan.

Al-Mansuri BAAdan chiqqan, shuningdek, Xalqaro kosmik stansiya bortidagi birinchi arab kosmonavtiga aylandi. Uning Yerga qaytishi 3-oktabr kuniga rejalashtirilgan.