Rossiyaning qullik ko‘rinishlariga qarshi kurashuvchi “Alternativa” nodavlat volontyorlik tashkiloti pochtasiga qarindoshi va o‘zbekistonlik yana bir necha kishi Stavropol o‘lkasidagi aniqlanmagan manzilda majburan tutib turilganligi haqida maktub keldi. Bu haqda Repost hikoya qilmoqda.

Foto: “Alternativa”

Keyinchalik qo‘ng‘iroq qilgan tutqunlardan birining qarindoshiga ko‘ra, o‘zbekistonlik 7 nafar erkak aprel oyidan beri bandilikda ushlab turilgan, ularning hujjatlari olib qo‘yilib, dalada majburan ishlatilgan. Ularni ko‘plab fermer xo'jaliklari va juda katta hududdagi dalalardan qidirish muammo edi.

Tashkilot faollari tavakkalga qo‘l urdi: murojaat qilgan qarindosh orqali tutqunga lagerdan qochish va belgilangan manzilda yashirinish lozimligi yetkazildi. Bu yerdan uni dog‘istonlik koordinator politsiyachilar bilan birga olib ketishi kerak edi.

Foto: “Alternativa”

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, tutqunlar o‘lkaning Neftekum tumani, Achikulak qishlog‘ida saqlangan. Ular xarob joyda yashagan, nomiga boqilgan. Ish beruvchi aldov yo‘li bilan pasportlarini olib qo‘ygan va arzimagan ayb uchun jazolagan. Erkaklar qovun polizida kun-u tun mehnat qilgan.

Foto: “Alternativa”

Qullik holatini ko‘rsatuvchi yaqqol alomatlarga qaramay, tomonlar yarashuv yo‘lini tanladi. Ish beruvchi — Stanislav ismli shaxs jabrdiydalar bilan kelishib oldi va ularning har biriga 30 ming rubldan (476 dollar) to‘ladi. Erkaklarning barchasi eson-omon O‘zbekistonga qaytdi.