Ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors kompaniyasi e’lon qilgan aksiya bo‘yicha o‘qituvchilar “ish joyidan olib borgan ma’lumotnoma salonlarga o‘tmayotgani, ular ma’lumotnomani xalq ta’limi bo‘limlaridan olib kelish lozimligini aytayotgani” kabi muammolarga duch kelayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.

Foto: “Kommersant.uz”

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, vazirlik ushbu masala yuzasidan UzAuto Motors kompaniyasi bilan muzokara olib borgan.

“Muzokara natijasiga ko‘ra, ushbu masalaga oydinlik kiritildi. Ya’ni, umumta’lim maktabi o‘qituvchisi ish joyidan olib borgan ma’lumotnomani dilerlar qabul qiladigan bo‘ldi”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors kompaniyasi O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan maxsus aksiya e’lon qilgan bo‘lib, unga ko‘ra o‘qituvchilar Spark va Lacetti avtomobillarini mos ravishda 6 va 1 yil foizsiz bo‘lib-bo‘lib pul to‘lash sharti bilan sotib olishi mumkin.