“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” loyihasi doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Lev Tolstoyning “Iqrornoma” romani haqida hikoya qiladi.

Fleshbek

Lev Nikolayevich Tolstoy bilan ilk bor uyimizga oyimning maktab direktori bo‘lib ishlaydigan bir dugonasi kelganida tanishganman. Mahfuza opa biznikiga mehmon bo‘lib kelganlarida menga “Bo‘ri bolalarini qanday o‘rgatadi?” deb nomlangan muqovasida bo‘rilar rasmi chizilgan ajoyib kitob sovg‘a qilgan edilar. Kitobdagi qiziq hikoyalarni o‘qib maza qilganman. Keyinchalik Tolstoyning juda ko‘p asarlarini o‘qidim, va hozir menda u buyuk rus dahosi ekaniga aslo shubha yo‘q. Adibning “Iqrornoma” deb atalgan kitobidagi holatlar ilm yo‘lidagi har bir insonning boshidan o‘tishi mumkin. Tolstoy o‘z hayot yo‘lida ayrim xatolarni biz o‘rnak olishimiz uchun qilib bo‘lgan, biz esa bundan hulosa qilib yashashda davom etishimiz kerak.

Asar haqida

Bu roman Lev Tolstoyning avtobiografik asari bo‘lib, 1870-yillar oxiri – 1880-yillar boshida yozilgan. Asarning asosiy mazmuni – yozuvchining ko‘p yillik ichki kechinmalarini sarhisob qilish, og‘riqli va ehtirosli izlanishlarda aziyat chekkan hayotning mazmuni haqida yangi tushuncha berish. 1882-yili “Rus tafakkuri” jurnalining may oyi sonida asarni joylashtirish rejasi bor edi, ammo cherkov senzurasi nashrga keskin qarshilik ko‘rsatdi. Asar ilk bor 1884-yil Jenevada nashr qilindi.

Asar nima haqida?

Lev Tolstoy bir kuni akasi kelib Xudo yo‘qligini aytganidan keyin bolalikdan iymonini yo‘qotganini yozadi. Bir muddatdan so‘ng u ma’lum bir “aqlli” odamning iymondan voz kechishi haqidagi hikoyasidan keyin ibodat qilishni butkul to‘xtatadi. Tolstoy Xudo oldida emas, balki boshqa odamlar oldida jismonan baquvvat, aqlli va boy bo‘lishga intilib, nigilizm va o‘zini takomillashtirish yo‘lini tanladi.

Keyin Tolstoy ehtiroslari va jinoyatlari haqida (duellar, qartabozlik, zinokorlik, yolg‘on va boshqalar), jamiyatning ahvoli haqida, gunohlar rag‘batlantirilgani haqida yozadi. Keyin u ijodga ishonishni boshladi, o‘zi hech nimani bilmay turib boshqalarga o‘rgatuvchi ruhoniy singari yashadi. “Nega?” degan savollar, azob-uqubatlar va umidsizliklar yozuvchini hayotning ma’nosini izlashga majbur qildi. Hayot unga bema’ni va yomon hazil bo‘lib tuyuldi, ammo o‘lim qo‘rquvi bor edi.

Foto: Google Photos

1879-yil Tolstoy uchun burilish davri edi. Kiyev-Pechyorsk va Troitsa-Sergivskaya lavralariga kuzgi sayohatdan so‘ng yozuvchi butunlay o‘zgarib ketdi. U faqatgina iymon uni qutqarishini mumkinligini tushundi, garchi u iymonni sodda va ommabop deb tushungan bo‘lsa-da. Bu uning uchun ruhiy shifo bo‘ldi.

“Iqrornoma” hayotdagi maqsadni topishni, taqdiringizni tushunishni, juda ko‘p savollarga javob topishni o‘rgatadi.

Tahlil

Rus adabiyotining milliy shon-sharafiga aylangan Lev Tolstoy yoshi ellikdan o‘tgach, shon-sharafini, boyligini rad etadi, chunki u ichki olamida vayronagarchilik his qiladi. U kimgadir o‘rgatish uchun hech narsasi yo‘q deb o‘ylay boshlaydi. “Hayotingizdan albatta ma’no topishingiz kerak, yo‘qsa biror kun miyangizni yo‘qotib qo‘yishingiz hech gap emas”, deb yozgan edi adib. Uning hayoti, moddiy va ma’naviy boyliklariga qaramay, buni to‘ldirmaydi; hamma narsa bema’ni, majburlangan; aytaylik, u olib boradigan hayot kino tomosha qilish kabi soxta bo‘lib tuyula boshlaydi. Tolstoy nimani xohlasa, uni tub mohiyatigacha o‘rganishni xohlaydi. Masalan, unga hayot kerak – u hayot mohiyatining suyaklarigacha borishni xohlaydi, faqatgina terisini paypaslab ko‘rish uni qoniqtirmaydi. Oxir-oqibat Lev bilimni tashlab, odamlardan o‘rganishimiz kerak, degan xulosaga keladi. Inson Xudoga ishonsa va undan ma’no topsa, ya’ni izlayotgan haqiqatini Xudodan topsa, o‘z ehtiroslari bo‘g‘ib qo‘ysa, siz iymon bilan oziqlangan dunyoni topasiz – yagona najot-umidingiz iymondan. U buni topdi, chunki unda ellik yil mavjud bo‘lgan ekzistensial og‘ishlardan so‘ng Tolstoy 82 yoshgacha yashadi va diniy masalalarda savollari ko‘payib bordi.

Hamma yozuvchilar biladigan dahshatli haqiqat bor, ammo deyarli hech kim asarlarini shon-shuhrat izlab yozilgan deb tan olmaydi. Tolstoy bu kitobida o‘z asarlarini shuhratparastlik va mag‘rurlik uchun yozishni boshlaganini tan olganiga guvoh bo‘lamiz. Endi yaxshilikka va mukammallikka intiladigan hayot bu cheklangan va keraksiz tasavvurga rioya qila olmaydi. Shuning uchun u yozuvchilar doirasiga kirib, shoirlar va san’atkorlarning e’tiqodi, ya’ni ijodning asl ahamiyati va qadriyatiga ishonishni boshlaganda, Tolstoy o‘zida nochorlik, siqilish va bezovtalikni his qiladi, chunki u bu sohada “Men nimani bilaman va boshqalarga nimani o‘rgatishim mumkin?” kabi fundamental savollar berishning hojati yo‘qligini anglaydi.

Chunki ijodkor o‘rgatish qobiliyatiga ham ega bo‘lishi kerak. Tolstoy aytganidek, u o‘zi nimani o‘rgatayotganini bilmasdan turib yozishi va boshqalarga dars berishi mumkin edi. Shuning uchun rus yozuvchisi izlanishni davom ettirishga qaror qiladi, yozishdan tashqari, undagi iymon faqat hayotning ma’nosini tushunishga yordam bermaydigan xurofot ekanini, ayniqsa yordamga muhtoj bo‘lgan yosh, aqlli, mehribon akasining vafotidan so‘ng anglagan edi. Tolstoy yozadi: “U bir yildan ko‘proq azob chekdi, nima uchun yashaganini va nima uchun o‘lganini tushunmay, azobda o‘ldi”.

Keyin unga chalkashliklar va javobsiz savollar kela boshladi. Hayot to‘xtadi va o‘z joniga qasd qilish fikri bilan yashay boshladi. “Siz faqat hayotning masrurligi davom etar ekan, yashashingiz mumkin, lekin kimdir bu mastlikdan xalos bo‘lganda, bularning barchasi ahmoqona yolg‘on ekanini ko‘rmaslik mumkin emas!” deb yozadi Tolstoy. Biroq bu falsafiy mulohazalar ham yozuvchini ishontira olmaydi. Yagona haqiqat – o‘lim, qolgani yolg‘on. Tolstoy bu haqiqatni buyuk mutafakkirlar Suqrot, Shopengauer, Sulaymon va Budda misolida tasdiqlaydi. “Men qarilik, azob va o‘lim borligini bilgan holda hayotdan zavqlana olmadim”, deb yozadi u. Adibni “hayot ongi” deb ataydigan va oddiy, savodsiz va kambag‘al odamlarda kashf etgan juda kuchli tuyg‘u hayotga qaytaradi. Bu kashfiyot –iymon va ishonch edi.

“Iqrornoma” – buyuk rus dahosini tushunish uchun eng asosiy kitob, chunki u butun ichki tanglik inqirozini va uning butun hayotini belgilagan shaxsiy va ma’naviy izlanishlarni aks ettiradi. Barcha qarama-qarshiliklarni, afsuslarni, aqliy mehnatni, qidiruv va topilmalarni ochib beradi. Biz bu asarda XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya kabi mamlakatda yashagan o‘z davrining dahosi va ziyolisining hayot yo‘lini va kechinmalarini ochiq tan olishida qatnashishimiz mumkin. Garchi bugungi kunda Tolstoyning ilk asarlaridagi ba’zi baholashlar va fikrlash jarayonlari so‘nggi asarlarining mavzulari kabi bizni hayratda qoldirishda davom etmasa-da, “Iqrornoma” noyob xazinalardan biri bo‘lib, unda muallif o‘z ko‘z yoshlari va aqliy tarangliklarini bizga ko‘rsatish uchun aqlini va yuragini katta qilib ochib beradi. Ayniqsa bizga dunyo adabiyotining eng yirik namoyandasi va hayotda juda muhim va ta’sirchan bo‘lgan adibning xarakterini, axloqiy va ma’naviy tuzilishini yaxshiroq anglashga imkon beradi.

Ayni damda muallif boshi qotganini biladi, chunki aql hayotni rad etishni anglatadi, iymon esa aqlni rad etishga undaydi. Ammo Tolstoyning hali izlanmagan, so‘nggi yo‘lni izlashdan boshqa iloji yo‘q edi. Tolstoy dehqonlarning hayotini kuzatadi va baham ko‘radi, chunki ularning iymoni shubha ostida emas.

Iymon hayot kuchi bo‘lsa, bu tuyg‘u yozuvchini Xudoni izlashga, ildizlarga qaytishga, hayotdagi asosiy va yagona maqsad – yaxshiroq bo‘lishga intilishga olib keladi. Ammo iymonga bo‘ysunish oxir-oqibat ehtimol buni o‘zi istamagan dinga olib keladi. Din esa cherkov marosimlarini bajarishga majbur qilishi mumkinligini anglaydi. Ilohiyot uchun joy mavjud bo‘lgan ushbu diniy sayohatning so‘nggi nuqtasi oyatlarni va urf-odatlarni o‘rganish va pravoslavlikning rad qilinishidir: “Men din nomi bilan qilinadigan narsalarga e’tibor berdim”. “Va dahshat ichida men deyarli pravoslavlikdan voz kechdim”.

Faqatgina tushda va qisqa vaqt ichida baxtli va osoyishta bo‘lolmaslik yana bir dahshatli haqiqatni tasdiqlaydi. Xulosa qilamanki, hayot biz hech qachon erisha olmaydigan biror narsani behuda izlashdek tuyuladi, shuning uchun biz bundan Tolstoy singari haqiqat va sevgi birligi degan ishonch bilan qoniqishimiz kerak.

Xulosa

“Mening hayotim – bu kimdir menga qilgan ahmoqona va shafqatsiz hazil”, deb yozgan edi “Urush va tinchlik” kitobining muallifi o‘z kitoblari bilan boylik va xalqaro shon-shuhratga erishganida. Tolstoyning bag‘riga olgan chuqur tashvish uni joniga qasd qilishga undaydi. Shunday qilib, umidsiz ekzistensial qidiruv boshlanadi, tez orada unda fan, falsafa, san’at odamlari uchun ochilgan imkoniyatlar tugaydi va bu uning hayoti va fikrlarini abadiy o‘zgartiradigan ruhiy konvertatsiya bilan yakunlanadi. Buyuk rus yozuvchisining ushbu asarida, avvalambor, u o‘zi qatnashgan axloqsizlik va sinizmga qarshi chiqish bor. Bu kitob urf-odatlarini muqaddas deb bilgan “hayot ijodkorlari” bo‘lgan oddiy odamlarning asl donoligini ochib berishi kerak.

Lev Tolstoy.
Foto: Wikipedia

“Iqrornoma” haqiqatni qidirishning ishtiyoqli va ochiq-oydin xronikasi, buyuk diniy va’zlar kabi yozilgan, lekin mutaassiblik tomonidan boshqara olinmagan ozod ruhlarning ochilgan qalb daftaridir.

Iqtiboslar

Ko‘p donolikda buyuk qayg‘u bor; kim bilimni ko‘paytirsa, qayg‘uni ko‘paytiradi;

Biz fan deb ataydigan narsa hayotni emas, balki bizni hayot haqidagi tushunchamiz fan sifatida nimani tan olish kerakligini aniqlaydi;

Sizning hayotingiz o‘limning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ladi;

Olov olovni o‘chirmagani kabi, yovuzlik bilan yovuzlikni yo‘qotib bo‘lmaydi;

Xudoni qidirib yashang, shunda Xudosiz hayot bo‘lmaydi.

Qiziqarli faktlar

- eng mashhur asari – “Urush va tinchlik” Lev Tolstoyning o‘ziga yoqmas edi;

- taniqli jiddiy adabiy asarlar bilan bir qatorda, Lev Tolstoy bolalar uchun kitoblar ham yozgan;

- Tolstoyning qo‘lyozmasi juda xunuk bo‘lgan, uni tushunib olishga ko‘pchilik qodir emas edi;

- Tolstoy juda ko‘p tillarni bilgan poliglot edi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.