Toshkent temir yo‘l vokzalida 30-sentabr, dushanba kuni poytaxtda barpo etilayotgan yer usti metropolitenida harakatlanuvchi zamonaviy poyezdlarning tantanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Rossiyaning “Metrovagonmash” AJ o‘rtasida Toshkent shahridagi yer usti metropoliteni uchun harakatlanuvchi har biri 4 vagondan iborat 5 ta metro poyezdini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi. Shartnomaga ko‘ra, Rossiyaning “Transmashxolding” kompaniyasi Toshkent metrosi uchun 81-765.5/766.5/767.5 modelidagi 5 ta poyezd tarkibini yetkazib berdi.

Foto: “Transmashxolding”

Bu modeldagi metro vagonlari yangi texnik yechimlarga ega bo‘lib, elektr energiyasini 35 foizgacha tejaydi, uchinchi avloddagi sinxron tortuvchi dvigatelning qo‘llanilishi ekspluatatsiya xarajatlarini 40 foizgacha qisqartiradi. Yangi vagonlarning yana bir qator texnik imkoniyatlari va afzalliklariga quyidagilar kiradi:

  • vagonlar orasidagi germetik “garmoshka” ko‘rinishidagi o‘tish joylari yo‘lovchilar uchun poyezdning boshdan oxirigacha o‘tish imkonini beradi va bu bilan harakat tarkibining sig‘imini oshiradi;
  • yo‘lovchilar saloniga to‘rt tomondan avtomatik va ikki qavatli eshiklar o‘rnatilgan. Eshiklar 12 foizga kengaytirilgani yo‘lovchilarning tasodifan qisilib qolishining oldini oladi;
  • salondagi konditsioner isitish va shamollatishni ta’minlab turadi. Shuningdek, shiftda maxsus himoya qutilari ichida joylashgan va havoni ultrabinafsha lampalar yordamida zararsizlantirish tizimi qo‘llanilgan;
  • har bir vagon telekanallar translyatsiyasi imkoni bilan birga yo‘lovchilarga zamonaviy ma’lumot uzatish tizimi bilan ta’minlangan;
  • sostav vagonlari videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan, har bir vagonda shift kameralari, shuningdek, shoshilinch aloqa bloklari ustida ham kameralar bor, yong‘inni avtomatik payqash va o‘chirish tizimi ham mavjud;
  • mashinist kabinasida yo‘llar hamda harakatlanuvchi sostav vagonlari eshiklarini nazorat qiluvchi videokuzatuv tizimi monitori joylashgan.