Bugun, 30-sentabr kuni Oliy majlis Senatining Reglament va odob komissiyasining yig‘ilishida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev qilmishi uchun Prezident va senatorlardan kechirim so‘radi. Hokimning kechirim so‘rayotgani tasvirlangan videoni “Xabar.uz” e’lon qildi.

Mening gaplarim ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri muhokama bo‘ldi. Buni tan olish kelajakda to‘g‘ri xulosa chiqarishga yo‘l belgilab beradi.

Albatta, mening ota-onam ham, avlodlarim ham milliy libosda kiyinadi. Men ham o‘z uyimda milliy libosda kiyinaman. Shu kuni odam quyushqondan chiqib ketishim yoki o‘zimni bosa olmasligim faqat o‘zimning aybim. Men aybdorman, imkoniyat bersalaring faqatgina mehnat qilaman.

To‘g‘ri, mehnat qilishning ham, hamma narsaning xulosasi bor. Avvalo men davlatimiz rahbari, menga yuksak ishonch bildirgan muhtaram Prezidentimizdan o‘tinib-o‘tinib kechirim so‘rayman. Hurmatli senatorlar, sizlardan kechirim so‘rayman. Imkoniyat bersalaring, xulosa qilaman.

Lekin men aybdorman, aybimni tan olaman. Albatta, har kimga ham hech qanaqa bunaqa vakolatlar berib qo‘yilmagan. Rahbar har qanday joyda yuksak ishonch bildirilganini xulosa qilib, bilishi kerak. Albatta, men har qanday jazoga loyiqman. Ming bor uzr.

Shuhrat G‘aniyev, Farg‘ona viloyati hokimi

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevning ijtimoiy tarmoqlarda soqol, ro‘mol va ish joylarida namozga qarshi chiqib, bunga bo‘ysunmaganlarni qamash bilan tahdid qilgani muhokama qilingan audiosi tarqaldi. Shundan so‘ng Senatning reglament va odob komissiyasi senator Shuhrat G‘aniyevni ro‘mol va soqol haqida aytgan gaplari uchun qat’iy ogohlantirdi va unga uch oy sinov muddati berdi.

Shuhrat G‘aniyev o‘z uzrida uning gaplari ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri muhokama bo‘lganini ta’kidlaganiga qaramay, Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati hokimning so‘zlaridan o‘zgacha ma’no izlab, buzib talqin qilish hollari ro‘y berganini bildirgandi.

Ma’lumot uchun, bu Shuhrat G‘aniyevning ikki oy ichida ikkinchi bor uzr so‘rashi. Avgust oyining boshida Farg‘ona viloyati hokimi Rishton tumanida olib borilgan buzilish ishlarida yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun kechirim so‘ragandi.