Sarvar ustadan oxirgi kunlarning eng dolzarb muammolari haqida bir shingil.

“Farg‘onageyt” mojarosi

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari respublikadagi barcha viloyat hokimlarini tanimasligi, ismini bilsa ham qayerga hokimligini bilmasligi mumkin. Ammo bir hokim borki, nafaqat internetning o‘zbek segmenti, balki barcha afkor omma og‘zida mashhurdir. Bu kecha yangi “zapis” chiqargan Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘aniyevligini allaqachon bildingiz.

Shuhrat G‘aniyev O‘zbekistonning eng obro‘li nyusmeykerlaridan. Ha, xorijda nyusmeyker deb shov-shuvli gaplari bilan jamoatchilik diqqatini o‘ziga magnitday tortuvchi mansabdorlarni aytishadi. “Mishka”ning g‘ildiragini g‘ildiratganingiz sari saytlarda unga oid xabarlarning son-sanog‘i ko‘rinmaydi. Amali bilan emas (uning ishbilarmonligini ta’riflovchi farg‘onaliklar oz emas, ishonavering), qo‘pol nutqi va allaqachon brendga aylangan “horrami” deb so‘kishi bilan tez-tez “mashhur bo‘luvchi” G‘aniyevning bu safargi chiqishi ommaning sabr kosasini to‘ldirdi. Amaldorlarga nisbatan bir maromdagi tanqid-u noroziliklar o‘z haddidan g‘izillagancha o‘tib ketdi. O‘nlab blogerning kanallarini Farg‘ona hokimining surati bezadi.

Skrin: “Daryo”

G‘aniyev nega chet ellik sarmoyadorlargacha soqolini olishni buyuradi? Avtostoyankadagi xizmatchi shialarning do‘ppisini kiygani, soqol qo‘ygani bilan nima ishi bor? Unga majlisdayoq firmalarga 300 milliondan jarima solish, davlat xizmatchilari va imomlarni (imom ham davlat xizmatchisi aslida) tergovsiz-sudsiz qamatib yuborish vakolatini kim berdi? U prezidentning mamlakatda qonunlarga rioya etilishi garovi ekanligini bilgan gapirmoqdami yoki eshigi zich yopiq xonada berilgan og‘zaki topshiriqlarni bajaryaptimi?

Keyingi savollar: G‘aniyevga ikkinchi marta ogohlantirish berildi (birinchisi Rishtonda). Bu jazomi yoki “urishib qo‘ydim, amakisi, endi qilmaydi, attata” deb yana xalqni aldashmoqdami? Uni qonunbuzarligi uchun ogohlantirishyaptimi yoki ehtiyotsizlik qilib gaplari oshkor qilinganligi uchunmi? Vodiyliklarning milliy va diniy hissiyotlari bilan o‘ynashishning bahosi juda ham past bo‘ldi.

Keling, endi ayollarning kiyimi-yu erkaklarning soqoli mavzusidagi o‘zgarishlarni taxmin qilamiz (bu mavzu jonga tegdi, ammo chetlab o‘tib ham bo‘lmaydi). Agar Shuhrat okaning uzr-ma’zuri bilan Farg‘onada (va umuman boshqa viloyatlarda ham) ro‘mollig-u soqolliklar tinch qo‘yilsa, bu jamoatchilikning g‘alabasi bo‘ladi. Ha, zig‘irdek umid uchquni yo‘q emas, xususan, kecha chempion yigitning onasi bilan prezidentning suhbatida bu uchqun yiltiradi. Bordi-yu, uch oy muddat qorlar yog‘ib, izlar bosilishi uchun olingan bo‘lsa, qishga oz qoldi, deya, sovuqqa qaramasdan chetga otlanishni maslahat beramiz.

Otangni o‘ldirganga onangni ber, bobongni o‘ldirganga pulingni

Azbaroyi mehmondo‘stligimizdan XIX asrda Toshkentni bosib olishda halok bo‘lgan Chor Rossiyasi askarlariga yodgorlik o‘rnatishga bel bog‘ladik.

Xabarda aytilishicha, “24 nafar askarning ism-familiyasi yozilgan bo‘lak ham misdan bo‘ladi, hozir arxiv hujjatlari orqali marhumlarning nomlarini tiklash ishlari olib borilyapti. Tashqi ko‘rinishi mis tunuka bilan qoplanadi, eng yuqori qismida joylashgan xoch esa latundan yasaladi... Rus provoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiya mitropoliti bu yerga tashrif buyurgan va olib borilayotgan ishlardan mamnunligini ta’kidlagan”.

Foto: “Toshkent.uz”

Bizga bu yodgorlik zarurligi askarlarning xotirasi, mamlakatlararo birdamlik kabi chiroylik gaplar bilan tushuntirilyapti. Turistlardan besh-o‘n so‘m tushishi mumkin. Pulga muhtojmiz, harqalay, oylig-u sarmoyaning kattasi o‘sha yoqdan kelyapti. Hurmatlarini qilsak, qilibmiz-da. Bir kichik inshoot bilan kambag‘al bo‘lib qolmaymiz, dersiz.

Tarixga shunchalar befarqmizki, Toshkent mudofaasida jon berganlarning sonini bilmaymiz, hatto. Lashkarboshi Mulla Alimqulni bilamizmi? U haqda na yodgorlik, na kitob, na bir kino ishlanmagach, qayoqdan ham bilamiz. Shahar markazidagi bozorda to‘planib, Toshkentni himoyalash uchun Qur’on bilan ont ichgan 15 ming mudofaachini bilmaymiz. Ular o‘z yurtini himoya qilib jon berganlar edi, o‘zga yurtga miltiq ko‘tarib borganlar emas. Holimiz juda qiziq va achinarli.

Aytgancha, Toshkentni egallashda qahramonlarcha halok bo‘lgan askarlar yodgorligi budjetdan (biz to‘lagan soliqlardan) tiklanyaptimi yoki chetdan homiylar hisobidanmi? Chetdan mablag‘ ajratishgan, deb o‘zimizni ishontiraylik, ammo himoyachi bobolarimizga biror yodgorlik o‘rnata olamizmi? Kino ishlay olamizmi? Budjetdan buning uchun mablag‘ ajratishga jur’atimiz yetadimi, nima deysiz.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.