Toshkent metrosi uchun yo‘lovchilarni tetiklashtirish va tinchlantirish imkonini beruvchi yoritish tizimiga ega bo‘lgan 45 ta poyezd xarid qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent metropoliteni rahbari Oybek Xudoyqulov Rossiyadan yetib kelgan 20 ta yangi avlod vagonining taqdimotida ma’lum qildi, deb yozmoqda Fergana News.

Foto: Railway.uz

Oybek Xudoyqulovning so‘zlariga ko‘ra, besh xil yoritish ranglari yer ostidagi va ustidagi harakatga bog‘liq ravishda avtomatik tarzda sovuq oq rangdan issiq sariq ranggacha sozlanadi. Shuningdek, ertalab yo‘lovchilarni tetiklashtirish uchun sovuq, biroq yorqin rangli yoritish rejimini yoqish rejalashtirilmoqda. Kechqurunga yaqin esa yoritish rejimi sekinlik bilan tinchlantiruvchi issiq sariq rangga o‘tadi.

Har bir poyezd sostavi to‘rtta vagondan tashkil topgan: ikkita asosiy motorli va biri motorli va biri motorsiz ikkita oraliq vagon. Yo‘lovchilar butun sostav bo‘ylab bemalol harakatlanishi uchun vagonlar o‘rtasida o‘tish joyi mavjud. Yaxshi shovqin izolyatsiyasi va zamonaviy texnologiyalar qo‘llangani hisobiga poyezdlar harakati juda tekis va shovqinsiz bo‘ladi. Poyezdlarda haroratni nazorat qilish tizimi o‘rnatilgan va derazalardagi maxsus shisha paketlar salonda optimal haroratni saqlashga imkon beradi. Vagonlarda videokuzatuv va yong‘in signalizatsiyasi datchiklari mavjud.

Eshiklar ustidagi yorug‘lik diodli panellar harakat yo‘nalishini ko‘rsatadi va bekatlar nomini aks ettiradi. Bundan tashqari vagonlarda metropoliten kartasi joylashtirilgan sensorli ekran mavjud bo‘lib, zarurat tug‘ilganda, yo‘lovchilar metropoliten sxemasini o‘rganishi, kerakli bekatni topishi, harakat yo‘nalishini tuzishi, yo‘lga ketadigan vaqtni hisoblashi va boshqa foydali ma’lumotlarni olishi mumkin.

Yangi sostavlar qurilishi 2019-yilda yakunlanishi rejalashtirilayotgan Yunusobod va Sergeli yo‘nalishlarida harakatlanadi. Mazkur 20 ta vagon Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur 20 ta vagonning xaridi “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Metrovagonmash” o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida amalga oshirildi. Qiymati 27,7 million yevro bo‘lgan shartnomaning 22,14 million yevrosi Rossiyaning taraqqiyot va tashqi iqtisodiy faoliyat banki krediti hisobiga hamda 5,54 million yevrosi O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobiga moliyalashtirilgan.