Instagram tarmog‘ida eng birinchi e’lon qilingan postlarni topish imkoniyati mavjud. Bu haqda “Vc.ru”da ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, birinchi surat 2010-yil 16-iyulda San-Fransisko vaqti bilan soat 10:26 da e’lon qilingan. Surat Instagram asoschilaridan biri Mayk Kriger tomonidan olingan. Suratda San-Fransiskodagi DogPatch Labs biznes-inkubatorining derazasidan ko‘rinib turgan yaxtalar to‘xtash joyi aks etgan.

Qayd etilishicha, dastlabki postlarda harfli belgilar bo‘lgan, keyinchalik tizim har bir postga harfli-raqamli ketma-ketlik berishni boshlagan. Shu tariqa tarmoqda dastlabki postlar topilgan. Ba’zi postlar o‘chirilgan, boshqalarida esa suratning o‘zi ko‘rinmayapti, biroq ko‘plab suratlar to‘qqiz yildan so‘ng ham saqlanib qolgan.

Ijtimoiy tarmoq asoschisi Kevin Sistrom tomonidan 2010-yil 20-iyulda e’lon qilingan postda Instagram yaratilgan ofisning surati aks etgan.

Instagram’dagi dastlabki suratlardan birida tarmoq asoschining o‘zi ham aks etgan. Surat Sistromning yaxshi ko‘rgan qizi Nikol tomonidan e’lon qilingan va unda Schmidt’s geotegi aks etgan. Bu San-Fransiskoda joylashgan va ayni vaqtda yopilgan restoranning nomi. Besh yildan so‘ng Nikol Sistromning rafiqasi bo‘lgan va Instagram boshqaruvidan o‘rin olgan.

2012-yilning aprel oyida Instagram Facebook tomonidan sotib olingan. 2018-yilga kelib, ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni bir milliarddan oshgan.