O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishidagi zaruriy shartlar va ehtimoliy xavf-xatarlar tahlili 2019-yil oxirigacha yakunlanishi lozim. Spot’ning “TASS”ga asoslanib xabar berishicha, bu haqda Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilgan.

Foto: “RIA Novosti”

“Prezidentlarimiz ishchi guruh tuzishga kelishib oldi. Rossiya tomonidan bu ishchi guruhga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Anton Siluanov boshchilik qiladi. Ushbu ishchi guruh O‘zbekistonning YeOIIga kirishida mavjud sharoitlar, xatarlar, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni oldini olish borasidagi tahlillarni juda puxta, yaxshi sur’atlarda olib boradi. Bunday tahlil yil oxirigacha yakunlanishi kerak”, — degan Matviyenko.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bundan tahlilni YeOIIga a’zo bo‘lgan barcha mamlakatlar amalga oshiradi. Chunki ular yangi ishtirokchilarga nisbatan birgalikda qaror chiqaradi.

“O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy integratsiyalar uyushmasida ishtirok etish bugungi kun voqeasi ekanligini tushunadi. U haq, yakuniy qaror qabul qilishdan oldin kirish shartlari iqtisodiyotga zarar yetkazish-yetkazmasligi, ish o‘rinlari soniga ta’sir ko‘rsatish-ko‘rsatmasligini va hokazolarni puxta tahlil qilish talab etiladi”, — deb ta’kidlagan Matviyenko.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolar haqidagi izohlarga iyun oyida munosabat bildirgandi.

Unda Prezident Ittifoqqa kirgandan so‘ng O‘zbekiston o‘z chegaralarini ochishiga to‘g‘ri keladi, ammo O‘zbekiston korxonalari YeOII talablariga moslashishga ulgurmay yopilib ketishi mumkinligini aytgan.

Qo‘shnilarimiz bizdan ancha oldinda. Ular yaqinda mahsulotlarni markirovkalashga o‘tadi. Biz bu bozorda markirovkalanmagan mahsulotlarimiz bilan yutqazamiz. Biz to‘g‘ri yo‘lni topishimiz kerak. Barchasini tahlil qilib, 10 marta o‘lchab, keyin qaror qabul qilish kerak.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti