Rossiya hukumati mamlakat aholisini ro‘yxatga olishda ishlatiladigan planshetlarni xarid qilishga 11,5 milliard rubl (172,5 million dollar) sarflaydi. Shu sababli “Rostelekom” 360 ming dona qurilmani yetkazib berish bo‘yicha tanlov e’lon qildi, deb xabar beradi “Kod.ru”.

Ta’kidlanishicha, planshetlarni sotib olishga 8,6 milliard rubl sarflansa, qolgan summa ularga o‘rnatiladigan Rossiya operatsion tizimini uchun litsenziya xarid qilishga ishlatiladi. Shu sababli operatsion tizim o‘rnatilmagan bitta planshet narxi 24 ming rubl (360 dollar) atrofida bo‘ladi.

Shartnomaning maksimal qiymati 1-oktabr kuni “Rosstat” rahbari Pavel Malkov e’lon qilgan narxdan ikki barobarga ortib ketmoqda.

Aholini ro‘yxatga olish uchun ajratilgan jami smeta 33 milliard rublga teng bo‘lib, uning yarmi ro‘yxatga oluvchilar uchun maosh sifatida to‘lanadi.

Butun Rossiya aholisini ro‘yxatga olish ishlari 2020-yilning oktabrida bo‘lib o‘tadi. Unda birinchi bor elektron planshetlar ishlatiladi, xususan, anketalarni davlat xizmatlari sayti orqali ham mustaqil to‘ldirish mumkin.

Reuters agentligining yozishicha, “Rostelekom” planshetlarni Xitoyning Huawei kompaniyasidan xarid qilib, unga “Avrora” operatsion tizimini o‘rnatish niyatida. Planshetlarga qo‘yilgan texnik talab: to‘rt yadroli protsessor, 2 gigabayt tezkor xotira va 11 dyuymli ekran.