O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi kengashi raisi Valentina Matviyenko Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kiritish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Bu bayonot qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Yevropa iqtisodiy ittifoqi o‘zi qanday tashkilot, O‘zbekiston unga qo‘shilsa, qanday ijobiy va salbiy oqibatlar kelib chiqadi – bu savollarga “Daryo” kolumnisti Jahongir Ergashev javob beradi.

Yevrosiyo  iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitim 2014-yili Qozog‘iston prezidenti Nazarboyevning taklifi asosida tashkil etilgan edi. 2015-yil yanvaridan bu tashkilot o‘z faoliyatini boshlagan. Mazkur ittifoq tovar, kapital, ishchi kuchining a’zo davlatlar o‘rtasida erkin harakatlanishi va iqtisodiy masalalarni o‘zaro moslashtirib hal qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Foto: “RIA Novosti”

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga bugungi kunda Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston, Belarus va Qirg‘iziston a’zo sanaladi. Moldova bu tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.

Shu kunlarda Armaniston poytaxti Yerevanda bo‘lib o‘tgan sammitda a’zo davlatlardan tashqari Singapur va Eron ham ishtirok etdi. Bu mamlakatlar bilan erkin iqtisodiy zonalar tashkil qilish borasida kelishuvlar imzolandi.

Yaqinda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekiston ham ittifoqqa kirishga tayyorlanayotgani haqida ma’lumot berdi. Har ikki tomon komissiya tuzilgani, a’zo bo‘lish masalalarini o‘rganayotgani internet nashrlarida xabar qilindi. Rossiya tomonidan komissiyaga moliya vaziri Anton Siluanov boshchilik qilmoqda.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida ayrim ma’lumotlar:

— maydoni: 20 260 435 kvadrat kilometr;

— aholisi: 184 000 880 million;

— yalpi ichki mahsuloti: 1 880 milliard AQSh dollari (Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlari asosida).

Oktabrning dastlabki kunlarida Yerevanda bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida tashkilot erishayotgan yutuqlarning kengayayotgani va istiqbollari haqida umidbaxsh fikrlar bildirildi. Xitoy va Hindiston bilan tashkilot samarali hamkorlikni qilayotgani ta’kidlandi. Shunga qaramay, bu kabi fikrlar tashkilotning kelajagi porloq ekanini bildirmaydi. Bu borada tahlilchilarning fikrlari turlichadir.

Birinchidan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi G‘arb sanksiyalari sharoitida, avvalo, Rossiya uchun manfaatlidir. Tashkilot Rossiyaga sanksiyalar tufayli jabr ko‘rayotgan iqtisodiga tashkilot a’zolarining bozorlariga kirish va uni kengaytirish imkonini beradi. Ikkinchidan, ittifoqning aksar mamlakatlari sobiq sho‘ro mamlakatlari ekanini hisobga olsak, Rossiya, shubhasiz, yetakchi davlat sifatida a’zo mamlakatlarda o‘z ta’sir va nufuzini yanada kuchaytirib olish uchun harakat qiladi.

Ammo ittifoq a’zolari ortasida o‘zaro ziddiyatlar ham mavjudligini inobatga olish kerak. Misol uchun, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi hal etilishi borasidagi chegaraviy nizolar. Shuningdek, Qirg‘iziston keyingi yillarda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi standartlariga ancha moslashib kelayotgani, qirg‘iz migrantlarining Rossiyada ta’qib va quvg‘in qilinishi ancha kamaygan bo‘lsa-da, qirg‘iz tovarlarini Qozog‘iston va Rossiya chegaralaridan olib o‘tish qiyinligicha qolmoqda. Qozog‘iston va Rossiya bir necha marta Qirg‘izistondan olib borilayotgan meva va poliz ekinlari, go‘sht va sut mahsulotlari olib kirilishini taqiqlab qo‘ydi va qirg‘iz iqtisodiyotiga ancha zarar yetkazdi.

O‘zbekistonning tashkilotdagi istiqboli qanday?

O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo’lsa, Qirg‘iziston bilan bo‘lgan voqealar takrorlanmasligiga kafolat bormi?! Ehtimol.  Avvalo, 33 milliondan ortiq aholiga ega O‘zbekistonning 18–40 yosh atrofidagi aholisining katta qismi Rossiyada mehnat muhojirlaridir. Ehtimol, O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lib kirishi mehnat muhojirlarining ahvolini yengillashtirar. Ikkinchidan, O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini a’zo mamlakatlar orqali bojsiz va kam xarajat bilan dengiz orqali Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo mamlakatlariga yetkazish imkoniga ega bo‘ladi.

Har narsaning o‘z badali bo‘ladi. Bu badal siyosiy sohada O‘zbekistonga salbiy ta’sir qilmaydi degan fikrdan yiroqman. Bu ta’sir nimalarda ko‘rinishi mumkin? Birinchidan, Rossiyaning O‘zbekistonga iqtisodiy pishanglar yordamida bosim o‘tkazish imkoniyati kengayadi. AES qurilishi bu imkoniyatni yanada kuchaytirib yuborishi ham mumkin.

Ikkinchidan, ko‘plab kichik va o‘rta o‘zbek korxonalari xonavayron bo‘ladi va sinadi. Davlat etagidan tutgan “O‘zavtosanoat”, Akfa kabi yirik monopolist tashkilotlarning istiqboli ijobiy hal qilinsa-da, O‘zbekiston iqtisodiyotining importga qaramligi yanada ortishini kuzatish mumkin bo‘ladi.

Uchinchidan, AQSh va Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan joriy qilgan iqtisodiy jazo choralari O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta’sir qiladi. AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan “o‘zbek bahori” natijasida jonlana boshlagan aloqalar yanada boshi berk ko‘chaga kirib qolishi mumkin. Hattoki sanksiyalarning bir uchi o‘zbek iqtisodiga ta’sir etib, shundoq ham kuchsiz bo‘lgan o‘zbek iqtisodiyotini murakkab ahvolga solib qo‘yadi. AQSh va Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak berib turgan bir sharoitda ittifoqqa kirish G‘arb davlatlarining ko‘magidan benasib qolish deganidir.

To‘rtinchidan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini qo‘llab kelmoqda. Bu esa O‘zbekistonda Xitoy ta’sirining kuchayishiga olib keladi. Markaziy osiyoliklarning aksari Xitoy ekspansiyasiga qarshi ekanini inobatga olsak, bu ijtimoiy barqarorlikka ham xavf tug‘diradi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik masalasi prezident Mirziyoyevning 2020-yil fevral oyida Moskvaga qiladigan safari mobaynida asosiy mavzulardan biri bo‘ladi. Safar davomida rasmiy Kreml O‘zbekistonga bosim o‘tkazishga urinishi ham ehtimoldan uzoq emas. Shunday ekan, Rossiya bilan bo‘ladigan har qanday munosabatlarda dono xalqimizda tez-tez ishlatiladigan “yetti o‘lchab, bir kes” naqliga amal qilgan holda siyosat yuritish manfaatliroqdir.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.