AQSh avtomobil assotsiatsiyasi piyodalarni aniqlash tizimiga ega turli avtomobillarda bir nechta sinov o‘tkazdi hamda eng kerakli paytda tizim ishlamay qoladi, degan xulosaga keldi. Bu haqda Motor xabar berdi.

Foto: Motor

Sinovlarda Honda Accord, Tesla Model 3, Toyota Camry va 2019-yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Malibu ishtirok etdi. Dastlab avtomobillar qorong‘ida sinab ko‘rilgan. Aniqlanishicha, tizim kunning qorong‘i vaqtida piyodaga nisbatan hech qanday reaksiya bildirmagan. YTHlarda halok bo‘ladigan piyodalarning 75 foizi qorong‘i vaqtga to‘g‘ri kelishini hisobga olganda, bu jiddiy kamchilik hisoblanadi.

Keyingi sinovlar kunduzgi yorug‘lik sharoitida o‘tkazilgan. Har bir avtomobil bir nechta ssenariyda sinab ko‘rilgan: katta yoshli kishi yo‘lning to‘g‘ri qismida yoki burilgan joyida kesib o‘tishi, bola to‘xtab turgan ikkita avtomobil orasidan yo‘lga yugurib chiqishi, katta yoshli kishilarning yo‘l chetida turishi.

Sutkaning payti bilan bir vaqtda, avtomobil tezligi ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, piyoda bilan to‘qnashuv soatiga 30 kilometr tezlikda yuz bersa, jiddiy jarohat olishi ehtimoli 18 foizni tashkil qiladi. Agar tezlik soatiga 15 kilometrga yuqorilasa, og‘ir jarohat olish xavfi 50 foizni tashkil qiladi.

Tizim kunduzgi vaqtda soatiga 30 kilometr tezlikda yaxshi ishlagan. Bu holatlarda 40 foiz to‘qnashuvning oldi olingan. Biroq bolaning yugurib chiqishi holatida avtomobillar reaksiya bildirishga ulgurmagan va 89 foiz holatda avariya yuz bergan. Burilishdan so‘ng darhol piyoda chiqib qolgan sinovda birorta ham mashina to‘qnashuvning oldini ola olmagan.

Assotsiatsiya ekspertlari tizimlarning zamonaviy avtomobillarda qo‘llanilishini qo‘llab-quvvatlagan, chunki bu ularni takomillashtirishga va haqiqiy yo‘l sharoitlariga moslashtirishga imkon beradi.

Ma’lumot uchun, 2018-yilda O‘zbekiston yo‘llarida yuz bergan yo‘l-transport hodisalari oqibatida 2262 kishi halok bo‘lgan (2017-yilda qurbonlar soni 2473 nafar edi). Ularning 1031 nafari piyodalardir.