Eron G‘arb OAVlarining AQSh sanksiyalari tufayli mamlakat portlarida 20 dan ortiq kema yuklarini tushira olmayotgani haqidagi xabarlarini rad etadi. Bu haqda Huziston viloyati portlar va kemachilik tashkiloti rahbari Odil Doris ma’lum qildi, deya xabar beradi  “RIA Novosti”.

Oldinroq Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib, AQSh sanksiyalari oqibatida yuzaga kelgan to‘lov va tovarlar importi borasidagi muammolar tufayli million tonnaga yaqin bug‘doy ortilgan 20 dan ortiq kema Eron portlari yaqinida qolishga majbur bo‘layotganini xabar qilgandi. Jumladan, “Imom Humayniy” va “Bandar-Abbos” portlarida bir oydan oshiq vaqtdan beri yuklarni tushirib bo‘lmayotgani ma’lum qilingan.

“Imom Humayniy’ portida yuk ortishning katta hajmlari tufayli kemalarga ‘Chabaxar’ va ‘Shohid Rijoiy’ va boshqa portlarga borish taklif etilmoqda. AQSh sanksiyalari tufayli kemalardan yuk tushirishda muammoga duch kelayotganimiz yo‘q. Hozirda ‘Imom Humayniy’ portining yuk o‘tkazish quvvati 3 million tonnani tashkil etadi. Joriy yilning birinchi yarmida bu yerda 24 million tonna tovar tushirilgan”, — dedi Odil Doris.