Facebook asoschisi Mark Sukerbergning ma’lum qilishicha, dunyodagi biror bir milliarder bunday miqdordagi pullarga munosib emas. Shu tariqa Sukerberg o‘z kompaniyasi xodimining savoliga javob berdi. Xodim undan AQSh prezidentligiga nomzod Berni Sandersning milliarderlar bo‘lmasligi kerak, degan fikriga qo‘shilish yoki qo‘shilmasligini so‘ragan, deb yozmoqda Bloomberg.

Sukerberg dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida beshinchi, AQShning eng boy odamlari ro‘yxatida esa to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda uning boyligi 69,4 milliard dollarni tashkil qiladi.

“Agar siz biror narsa qilsangiz, uning mukofotini olasiz, biroq o‘ylashimcha, ba’zan boylikning miqdori asossiz bo‘lib ketadi”, — deb ta’kidlagan Facebook rahbari.

Uning qayd etishicha, ba’zan pul mablag‘larining bitta qo‘lda to‘planishi foyda keltiradi. Masalan, shaxsan uning o‘zi ilmiy ishlanmalarni, xususan, kasalliklarni davolash va oldini olishga qaratilgan ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Sukerbergning so‘zlariga ko‘ra, u butun fanni davlat moliyalashtirish yondashuvi samarali ekanligiga ishonmaydi.

Sukerbergdan bu savolga javob so‘ragan xodimning aytishicha, Facebook asoschisi bu masalada fikrini so‘rash mumkin bo‘lgan yagona milliarder hisoblanadi.

Sukerbergning savollarga javoblari barcha uchun ochiq bo‘lgan jonli efirda namoyish etilgan. Kompaniya xodimlar bilan bo‘lgan avvalgi uchrashuvlarning audioyozuvlari sizib chiqish holati yuz bergani sababli shunday yo‘l tutishga qaror qilgan.

Sanders daromadlar darajasidagi notenglikni salbiy baholagan. U o‘sib boruvchi shkalali soliq stavkasini kiritishni taklif qilgan. Uning taklifiga ko‘ra, boyligi 10 milliard dollardan oshadiganlar uchun stavka sakkiz foizgacha oshishi kerak. Sandersning o‘zi esa millioner hisoblanadi. U o‘z boyligini ommabop kitob yozganligi bilan tushuntirgan va bu ishni takrorlagan har qanday kishi million dollar ishlab olishi mumkinligini aytgan.