O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining ish haqi oshirildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.

Foto: “Daryo”

O‘zbekistonda 1-avgustdan ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar o‘rtacha 10 foizga oshirilgan edi. Shu munosabat bilan, ushbu sanadan boshlab Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan olimlar va ilmiy muassasalar rahbarlari maoshlari shunga o‘xshash tarzda indeksatsiya qilindi.

Unga ko‘ra, budjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlarining yangi miqdorlari tasdiqlandi.

Lavozim maoshi miqdoriga, ilgarigidek, ilmiy daraja (Doctor of Science, PhD), unvon yoki ilmiy faoliyat tajribasining mavjud bo‘lishi ta’sir ko‘rsatadi.

Hususan, fan doktori yoki fan doktori ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lganlarga 7 040 385 so‘m maosh beriladi.