Turkiyada hukmron partiya deputatining uyidagi sirli hodisa oqibatida vafot etgan Nodira Qodirova aslida qotillik qurboni bo‘lishi mumkin, deb yozadi “Kun.uz”.

Foto: “Kun.uz”

Deutsche Welle tarqatgan xabarga ko‘ra, marhumning jasadi O‘zbekistonga keltirilgach, dafn etishdan oldin yuvish chog‘ida uning tanasida ikkita o‘q teshigi va ko‘kargan joylar borligining guvohi bo‘lishgan.

Bunga qadar Qodirova yuragidan biroz yuqoriroqqa o‘zi o‘q uzgani, ya’ni o‘z joniga qasd qilgani aytib kelinayotgan edi. Ammo, Nodiraning qarindoshi shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan DW muxbiriga marhumning oyog‘ida ham o‘q uzilganidan qolgan teshik, yelkasi va qo‘llarida esa ko‘kargan joylar bo‘lganini aytgan.

Shuningdek, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, jasad O‘zbekistonga olib kelingach, takroriy sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmagan. Qolaversa, marhum dafn etib bo‘linguniga qadar deputat Shirin Unalning odami jarayonni muntazam kuzatib turgan.

Bundan tashqari, marhumning oila a’zolari ayni jarayon davomida Turkiya elchixonasiga 2-3-marta borib kelgani aytilmoqda.

DW manbalari oila a’zolari qattiq qo‘rqib qolishgani, OAV vakillari bilan ortiq muloqot qilishni istamayotganini bildirgan. Oilaning uyi yaqinida noma’lum sabablarga ko‘ra 24 soat davomida ikki militsioner turgani ham iddao qilinyapti.

Ushbu ish bilan advokat Birol O‘zturk Nodiraning oilasi nomidan shug‘ullana boshlaydi. Hozircha u tegishli vakolatni olmagan, shuning uchun ish materiallari, xususan, sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi bilan tanisha olmaydi.

DW mazkur holat yuzasidan deputat Shirin Unalning Turkiya parlamentidagi ofisi bilan bog‘langan. Qo‘ng‘iroqqa deputatning vakili javob berib, bu masalada hech qanday izoh bera olmasligini, barcha savollarga prokuratura o‘z bayonotida javob berganini bildirgan.