Rossiyada Oyning orqa tomoni aks etgan dastlabki suratlardan biri namoyish etildi. Surat bundan 60 yil avval “Luna-3” stansiyasi tomonidan olingan, deb yozmoqda “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

Surat, kartografik materiallar va tasvirlar Rossiya ilmiy-texnik hujjatlar davlat arxivi tomonidan taqdim etilgan. Taqdim etilgan materiallar orasida “Luna-3” stansiyasining surati bor, shuningdek, Yer yo‘ldoshining orqa tomoni qanday qilib suratga olingani sxemalar bilan ko‘rsatilgan.

Foto: “RIA Novosti”

“Luna-3” stansiyasi 1959-yilning 4-oktabrida “Vostok-L” raketa tashuvchisi bilan uchirilgan va 207 kun parvoz qilgan. Uning yordamida o‘sha yilning 7-oktabrida Oyning orqa tomoni Yerdan 60—70 ming kilometr masofada birinchi marta suratga olingan. Suratlar yordamida Oyning birinchi atlasi va xaritasi tuzilgan. 1961-yilda esa Oyning yangi globusi ishlab chiqilgan.

2018-yilning dekabr oyida Xitoy Oyning orqa tomonini o‘rganish uchun Chan’e-4 kosmik apparatini uchirdi. Apparat Oyning janubiy qutbi mintaqasidagi Eytken havzasiga qo‘ngan.