Arnasoy tumanida xizmat safarida bo‘lgan Toshkent shahar IIBB xodimini hech bir sababsiz kaltaklab, temir ustunga bog‘lab qo‘yib, azoblagan shaxsga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudi “Daryo”ga ma’lum qildi.

S.Salimov (ism shariflar o‘zgartirilgan) 2019-yil 8-avgustdan 9-avgustga o‘tar kechasi Arnasoy tumani hududidagi do‘konida (do‘kon S.Salimovning xonadonida joylashgan) sheriklari M.Tursunov va R.Valiyevlar bilan birga spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirganida ularning oldiga spirtli ichimlik bor yoki yo‘qligini so‘rash uchun kelgan Arnasoy tumanida xizmat safarida bo‘lgan Toshkent shahar IIBB xodimi serjant N.Nabiyev kelgan.

S.Salimov IIB xodimini ushlab olib, hech bir sababsiz, mast holatda uning yuz va tana qismiga qo‘li bilan bir necha marotaba urgan. Zo‘rlik ishlatib N.Nabiyevni uyining kirish joyidagi temir ustunga arqon bilan qo‘l va oyoqlaridan bog‘lab qo‘yib, uning tan jarohati olib yordamga muhtojligini bilgan holda unga jismoniy azob berib, zo‘rlik ishlatib 30 daqiqadan ortiq vaqt mobaynida g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etgan.

N.Nabiyev bilan birga S.Salimovning yashash xonadoniga kelgan sheriklari A.Yo‘lchiyev va O.Jalilovlar unga yordam berish maqsadida ichki ishlar xodimlarini chaqirish uchun voqea joyidan qochib ketgan.

Shundan so‘ng N.Nabiyev mahalla profilaktika inspektori tomonidan qutqarib olingan.

Sud tergovi davomida sudlanuvchi S.Salimov aybiga to‘liq iqrorligini, sodir etgan qilmishidan pushaymondaligini bildirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudi 24-sentabr kungi sud majlisida S.Salimovni sodir etgan jinoyati yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topib, uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.