“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” loyihasi doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romani haqida hikoya qiladi.

Fleshbek

Hali maktabda o‘qib yurgan davrlarim, qish kechalarining biri edi. Kechki ovqatdan keyin men uy vazifalarimni tayyorlashga, dadam esa har kungi odatini kanda qilmay kitob o‘qishga kirishdi. Birdan chiroq o‘chdi. Oyim sham yoqdi, men chiroq yongach darslarimni davom ettirishga qaror qildim, ammo dadam hech narsaga parvo qilmay sham yorug‘ida mutolaani davom ettirardi. Dadam o‘qishga shunchalik berilib ketgan ediki, go‘yo hozir yonimizda emas, o‘sha asar voqeligiga singib ketganday edi. Ora-sira mutolaani to‘xtatar, chuqur o‘yga tolar, nimagadir kuyunganday bosh chayqab qo‘yar va yana o‘qishda davom etardi. Buni chetdan kuzatib turgan menga dadamning sham yorug‘idagi o‘ychan holati qanchalik zalvorli ko‘ringan bo‘lsa, u o‘qiyotgan kitob ham shunchalik qiziq tuyuldi. Bu so‘nggi yuz yillikning eng mashhur yozuvchilaridan biri – Chingiz Aytmatovning “Qiyomat”romani edi. Uyimizdagi kutubxonadan joy olgan bu kitobning dadamdan keyingi o‘quvchisi men bo‘ldim.

Asar haqida

So‘nggi yuz yillikning dunyoga mashhur yozuvchilaridan biri, qardosh qirg‘iz adabiyotining yetakchi namoyandasi Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” (“Kunda”) romani ilk marotaba 1986-yilda rus tilida nashr etilgan. Biroz o‘tib, rus tilidan qirg‘izchaga tarjima qilingan. Roman avval o‘zbekchaga “Kunda” nomi bilan tarjima qilinib, 1988-yilda “Sharq yulduzi” jurnalining 8, 9, 10-sonlarida e’lon qilingan.

Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romanida ezgulik va oliyjanoblikning, yaxshilik va to‘g‘rilikning, adolat va haqgo‘ylikning, Qiyomat qoyim darajasiga tushayotgan holatlari tabiat, jamiyat, inson va iymon muammolarini aks ettirish orqali ko‘rsatiladi. Romanda bir-biri bilan mohirona bog‘langan va ayni paytda umuman boshqa-boshqa zamon va makonda yuz beradigan voqealarning har birini soatlab tahlil qilish mumkin. Men esa romanning siz o‘qishingiz mumkin bo‘lgan boshqa tahlillarda tilga olinmagan jihatlarini yoritishga harakat qildim.

Syujet

Roman uch bo‘lim va to‘rt asosiy syujet voqeliklaridan tashkil topgan. Birinchi hikoya liniyasida bo‘rilar Akbara va Toshchaynar, ikkinchisida diniy seminariyadan ketgan Avdiy Kallistratov, uchinchisi Hazrat Iso va nihoyat to‘rtinchisi halol va mehnatkash cho‘pon Bo‘ston bilan bog‘langan. Asarning boshlanishi urg‘ochi bo‘ri Akbara nuqtai nazaridan, keyinroq Avdiy, oxiri ham Akbara, ham Bo‘stonning qarashlari shaklida hikoya qilinadi.

Issiqko‘l atroflarida davom etayotgan sokin hayot tarzini kunlarning birida vertolyotning vahimali shovqini buzadi. Sayg‘oqlar suruvining joylarini aniqlash uchun kelgan vertolyot Mo‘yinqumdagi jonzotlarning sokin hayotiga nuqta qo‘yadi. Homilador bo‘ri Akbara bundan vahimaga tushib, jonholatda qocha boshlaydi. 10–15 kundan so‘ng kelajakdan xabarsiz Akbaraning ko‘zi yorib, uch bo‘richa dunyoga keladi. Akbara ularni mohir ovchi qilib yetishtirishga harakat qiladi. Bo‘richalar rosa o‘yinqaroq edi. Shu sababdan ular inson zotiga ilk ro‘para kelganida qo‘rqmay, aksincha, u bilan o‘ynashni xohlaydi. Bo‘richalarga duch kelgan inson bundan keyingi voqealar qahramoni Avdiy edi. Inson zoti bilan kutilmagan uchrashuv ona bo‘rini tahlikaga soladi va u yashash joyini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Ammo sayg‘oq oviga kelgan, tishi-tirnog‘igacha qurollangan odamlardan qochib qutulish mumkin emasdi.

Foto: Google Photos

Bolalarini ov qilishga o‘rgatish uchun olib kelgan Akbara va Toshchaynar kutilmaganda o‘zlari ham, bolalari ham insonlar boshlab yuborgan sayg‘oq ovi to‘lqiniga qorishib ketadi. Bu dahshatli talotumdan omon chiqish amri mahol edi. Tajribali va chapdast Akbara bilan Toshchaynargina bu qirg‘inbarotdan arang tirik chiqa oladi. Uchala bolasi esa nobud bo‘ladi. Holdan toygan Akbara va Toshchaynar imkon qadar bu yerdan uzoqlarga yo‘l oladi. Sayg‘oq ovi uchun guruh bilan birga kelgan keyin bu qirg‘inbarotning to‘g‘ri emasligini anglab, buni guruhdagilarga ham tushuntirishga harakat qilgan Avdiy safdoshlarining keskin noroziligiga uchrab, jazolash uchun qo‘l-oyog‘i bog‘lanib, yuk mashinasida qoniga belanib yotgan sayg‘oqlar orasiga tashlanadi.

Bundan keyingi voqealar markaziga asar qahramoni sifatida Avdiy chiqadi. U sayg‘oq oviga kelgan olti kishidan biri edi. Qo‘llari bog‘langan holda yotarkan, o‘tmishini xotirlaydi. Avdiy yangicha fikrlari sababli diniy seminariyadan haydalgan. Tirikchilik qilish uchun muxbir sifatida ishlagan. U keng tarqalgan jinoyat ishi haqida yozish, fosh qilish niyatida sayg‘oq ovidan oldin bir guruh og‘ufurushlar bilan Mo‘yinqumga ilgari ham kelgan edi. Avdiy o‘zi birga kelgan og‘ufurushlar guruhidagi yosh, navqiron, ammo ma’nan qashshoqlashgan yigitlarga achinib, ularni bu yo‘ldan qaytishga undaydi. Avdiyning bu harakati guruh boshlig‘i Grishanning qulog‘iga yetib boradi va u Avdiyga, bu fikrlaridan qaytmas ekan, oxiri yaxshilik bilan tugamasligini uqtiradi. Nasha tortib, kayfdan ko‘r bo‘lgan og‘ufurushlar Avdiyni itday kaltaklab, shitob bilan ketayotgan poyezddan uloqtirib tashlashadi. Avdiy hushsiz va aftoda holda ancha yotadi, nihoyat hushiga kela boshlaydi va o‘zini salkam yigirma asr oldin xochga mixlab tashlangan Iso Masihga o‘xshatadi. U bilan bog‘liq vokealarni bir-bir xotirlay boshlaydi. Isoning Rim noibi Pontiy Pilat bilan kechgan qizg‘in suhbatini xotirlaydi. Tamoman diniy qarashlar bilan yo‘g‘rilgan ushbu suhbatda noib Pontiy Pilat Isoni fikrlaridan qaytarishga harakat qiladi. Ammo payg‘ambarlik da’vosidan voz kechmagan va o‘z fikrlariga sodiq qolgan Iso himoyasiga ishongan xalq tomonidan toshbo‘ron qilinib xochga mixlanadi. Avdiy unga qanday yordam berish haqida o‘ylaydi, ming afsuski, Isoga achinishdan boshqa hech narsa qo‘lidan kelmaydi.

Avdiyni yo‘ldan o‘tayotgan bir qozoq oilasi Jalpoqsoz bekatigacha olib keladi. Bekatda Avdiyning yirtiq-yamoq usti-boshidan shubhalangan militsiya leytenanti uni nazorat punktiga olib keladi. Avdiy bu yerda, panjara ortida qo‘lga tushgan og‘ufurush safdoshlarini ko‘rib qoladi. Militsiya xodimlariga “Men ham ulardan biriman” deyishiga qaramasdan, hech kim gapiga ishonmaydi va Avdiyni qo‘yib yuborishadi. Uning ahvoli og‘irlashib yaxshilar ko‘magi bilan kasalxonaga yotqiziladi. Avdiyni kasalxonada qozoq doktor Aliya Ismoilovna davolaydi va uning dugonasi Inga bilan oralarida ishqiy munosabat boshlanadi.

Moskvaga qaytgan Avdiy Inga bilan maktublashishda davom etadi. Yozgan maqolasini nashr qildira olmagan Avdiy tahririyatdan ishdan chiqib, boshqa joyda kechki smenada ishlay boshlaydi, moddiy jihatdan tangroq ahvolda qoladi. Ingadan chorlov maktubini olgach, kitoblarini sotib chipta oladi va yana Jalpoqsozga yo‘l oladi.

Manzilga yetib kelgan Avdiy Inga qoldirib ketgan navbatdagi maktubni o‘qiydi. Xatda Inga sobiq turmush o‘rtog‘ining oldiga o‘g‘li bilan bog‘liq muammoni hal qilib, tez orqaga qaytishi, Avdiyga uyning kalitini qoldirib ketganini yozgan edi. Boshi qotgan Avdiy sayg‘oq ovi rejasini tuzayotgan Ober Kandalov bilan tanishib qoladi va pul topish ilinjida ularning safiga qo‘shiladi. Sayg‘oqlarga uyushtirilgan qatliomdan dahshatga tushgan Avdiy guruhdagilardan bu ishni darhol to‘xtatishlarini talab qiladi. Shundan keyin asardagi voqealar takroran aktual holga qaytariladi. Avdiy ovchilar tarafidan ayovsiz kaltaklanib, bir saksovul daraxtiga Iso kabi osiladi. U oxirgi nafasini olayotganda ona bo‘ridan yordam so‘raydi, xuddi uni eshitganday Akbara yetib keladi. Avdiy ona bo‘rini ko‘rgach, yorug‘ olamni tark etadi.

Akbara va Toshchaynar bu yerlarda yana bir yil yashaydi, nasl qoldirish ilinjida navbatdagi urinishlari yana samarasiz bo‘ladi. Tog‘dagi konga yo‘l ochish maqsadida qamishzorga o‘t qo‘yiladi. Qamishzor bilan birga besh bo‘ri bolasining kuli ko‘kka sovriladi. Endi Akbara va Toshchaynar bu yerlardan uzoqqa, inson qadami yetishi qiyin bo‘lgan tog‘larga chiqib ketadi. Bu ularning nasl qoldirish uchun so‘nggi imkoniyati edi.

Endigi voqealar Bozorboy Noygutovning bir guruh geologlarni manzilga yetkazib qaytayotgada nogahon to‘rt bo‘ri bolasiga duch kelib, pul topish ilinjida bo‘richalarni inidan o‘g‘irlab ketishi bilan boshlanadi. Bular sho‘rlik Akbara va Toshchaynarning bolalari edi. Ovga ketgan bo‘rilar iniga qaytib, bolalarining yo‘qligini ko‘rgach, umidsiz holda Bozorboyni ta’qib qila boshlaydi. Bo‘rilar unga yetay deb qolganda Bozorboy o‘sha atrofda tanilgan cho‘pon Bo‘stonning uyiga kirib, bo‘rilardan qutulib qoladi. Bu paytda Bo‘ston uyda yo‘q edi. Bir muddatdan keyin Bozorboy bo‘richalarni olib o‘z uyiga ketadi. Akbara va Toshchaynar esa, ming afsuski, buni payqamay qoladi va bolalarini qidirib, Bo‘stonning uyi atrofida bo‘zlashni kanda qilmaydi. Uyiga kelib, voqeadan xabar topgan Bo‘ston ertasiga Bozorboyning oldiga bo‘ri bolalarini iniga qaytarishni so‘rab boradi. Ammo harakati bekor ketadi. Bolalaridan ayrilgan Akbara va Toshchaynar kutilmagan joydan paydo bo‘lib, odamlaga tashlanadigan odat chiqaradi. Bo‘stonning uyi atrofida kecha-yu kunduz uvillashadi.

Bu holdan xunobi oshgan Bo‘ston bo‘rilarni yo‘q qilishga kirishadi va bir kun qo‘ylarga tashlangan Toshchaynarni otib o‘ldiradi. Qochib qutulgan, ammo bolalari va erkagini yo‘qotib, fig‘oni falakka chiqqan Akbara alamzada bo‘zlaydi. Bir kun Akbara Bo‘ston va Gulimxonning ikki yashar o‘g‘li Kenjashning hovlida o‘ynayotganini ko‘rib qoladi va bolakayni yelkasidagi kiyimlaridan tishlab olib qocha boshlaydi. Bundan xabar topgan Bo‘ston bo‘rini mo‘ljal olib o‘q uzadi. Bo‘ri bolani tashlab, qochishda davom etadi. Bo‘ston yetib kelib, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, yerda ko‘kragini o‘q teshgan o‘g‘li Kenjash yotardi. Ko‘rgulikning sababchisi Bozorboy degan o‘y bilan Bo‘ston uni otib tashlaydi va qaytayotib, ko‘l bo‘yida hayot bilan vidolashadi.

Tahlil

“Qiyomat” bir nechta bir-biriga bog‘lanmagan voqealardan tashkil topgan. Voqealarda faqatgina bir juft bo‘ri – Akbara va Toshchaynar zanjir vazifasini bajaradi. Voqealar bo‘rilarning achchiq taqdiri ustiga qurilgan.

Romandagi har bir syujet qahramonlarining taqdiri fojia bilan tugaydi: mehnatkash cho‘pon Bo‘ston bilan bog‘liq voqealar, u kutilmaganda o‘z o‘g‘lini otib qo‘yishi, keyin esa qahr-g‘azab bilan piyonista cho‘pon Bozorboyni otib o‘ldirishi va o‘z hayotiga nuqta qo‘yishi, syujetlardan birida hikoya qilingan Avdiy Kallistratov taqdiri, asardagi yana bir mustaqil syujet – “Oltovlon va yettinchi” hikoyasi – bari Qiyomat qoyim tarzida fojiaviy yakun topgan.

Yozuvchi asarni hikoya qilarkan, bir syujetdan boshqasiga, bir zamon va makondan boshqa bir zamon va makonga shunchalik mohirona silliqlik bilan o‘tganki, bunday ko‘chishlar asarni o‘qiyotgan odamga hech qanday o‘ng‘asizlik tug‘dirmaydi. Bu, albatta, yozuvchining yuksak mahoratidan darak beradi.

Zamon nuqtai nazaridan olib qarasak, asar voqealari 1980-yillarda kechgan. Romanning ikki o‘rnida yozuvchi aktual zamonga ishora qilib ketgan. Birinchisi, Isoning o‘limi bilan bog‘liq voqealar hikoya qilinar ekan, yozuvchi “U kundan bu kunga ming to‘qqiz yuz ellik yildan ortiq vaqt o‘tgan”, deydi. Bu esa romandagi voqealar 1983-yildan keyin yuz berayotganini ko‘rsatadi. Yana bir ishora Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq bo‘lib, Bo‘ston va Ernazar dialogi orqali beriladi. Ular yangi yaylovlar tomon borarkan, kechib o‘tishi kerak bo‘lgan dovon haqida gapirib, urush boshlangandan, ya’ni salkam qirq yildan buyon bu dovonni hali hech kim oshib o‘tmaganini tilga oladi. Bu esa roman voqealari 1980-yillarda bo‘lib o‘tganidan darak beradi.

Makon nuqtai nazaridan roman voqealari keng planda Qirg‘iziston va Qozog‘iston, tor planda esa Mo‘yinqum sahrolari, Issiqko‘l atroflari, Ola Mangu tog‘larida bo‘lib o‘tadi.

Asarning birinchi darajali qahramonlari rohib otasining tavsiyasi bilan diniy maktabda o‘qishni boshlagan va eski diniy aqidalardan voz kechib, yangi diniy qarashlarni qabul qilishimiz kerak degan yangicha fikrlarni ilgari surgan va shu qarashlari tufayli seminariyadan haydalgan Avdiy Kallistratov hamda o‘z uslubiga ega, ishning ko‘zini bilgan, mahoratli kolxozchi-cho‘pon, haqgo‘y va fikrlarini jasorat bilan ayta olgan Bo‘ston Urkunchiyevdir. Ezgu niyatli Avdiy bunday niyatlariga javoban yomonlik ko‘radi.

Romanning ilk ikki bo‘limida bosh qahramon hisoblangan Avdiy uchinchi bo‘limda o‘z o‘rnini yangi tip – Bo‘stonga bo‘shatib beradi. Bo‘ston sovet rejimi qoliplari ostida yashagan xalqning prototipidir. Uning sovet rejimiga qarshi bildirgan tanqidiy fikrlari diqqatga sazovor.

Keyingi qahramonlar esa butun romanni bitta syujet tizimiga birlashtirib turgan bo‘rilar Akbara va Toshchaynardir. Romanda asosan Akbaraning ruhiy holatiga, xarakteriga kuchli urg‘u berilgan. Muallif Akbara va Toshchaynarning bolalari ov jarayonida otib tashlanganidan keyingi sahnani kuchli badiiy lirizm bilan ifodalaydi.

Ayni paytda romanda Bo‘ston bilan turmush o‘rtog‘i Ernazar vafot etgach oila qurgan va Kenjash ismli o‘g‘ilni dunyoga keltirgan Gulimxon, Gulimxonning vafot etgan sobiq eri Ernazar, Avdiyni og‘ufurushlik haqida maqola yozishga undagan Viktor Nikiforovich, Avdiy ko‘ngil qo‘ygan va birga oila qurishni mo‘ljallagan Inga Fyodorovna, uni Avdiy bilan tanishtirgan qozoq doktor Aliya Ismailova, Bo‘stonni o‘ziga dushman deb bilgan Bozorboy, uning xotini Ko‘k Tursun, sayg‘oq oviga qorishgan Kepa, Mishash, Gamlet Galkin, Kandalov, Uzuqboy, og‘ufurush bolalar Petruxa, Lyonka, ularning boshlig‘i Grishan hamda uning yordamchilari Kolya va Maxach singari talaygina ijobiy va salbiy qaramonlar ham mavjud.

Chingiz Aytmatovning juda ko‘p tanqidiy fikrlarga duch kelgan ushbu asarida diniy qarashlarga keng o‘rin berilgan. Nafaqat Rossiyada, balki qator musulmon davlatlarda ham asar anchagina tanqidlarga uchragan. Tanqidiy fikrlar mavzusi esa “Nima uchun asarda islom diniga emas, xristianlikka keng o‘rin berilgan”ligi edi. Hatto yozuvchini xristian missioneri sifatida tanqid qilganlar ham bo‘ldi. Ammo bu tanqidlar mutlaqo asossiz edi. Avvalambor, asar tahlilida yozuvchining tasavvur dunyosi va u yashagan jo‘g‘rofiyaga diqqat qaratilishi kerak, bundan tashqari, yozuvchi har yozgan asarida asar qamragan tasavvur va asar qahramonining fikr dunyosini chegaralashga majbur emas. Bundan tashqari, yozuvchining diniy tushunchalarini so‘roq qilish badiiy asar tahlili qoidalarini qo‘pol ravishda buzish deganidir.

“Qiyomat” romanida yozuvchi Sovet Ittifoqi iqtisodining ajralmas qismi hisoblangan temiryo‘l sohasiga katta ahamiyat bergan. Temiryo‘lchilik va poyezdlar bilan bog‘liq o‘rinlar yozuvchining ikkala romanida ham e’tibordan chetda qolmagan. Romanlarni o‘qir ekanmiz, temiryo‘l va poyezdlar katta vazifani bajaradi, ular chek-chegarasi bo‘lmagan o‘lka hayotining ajralmas ramziday go‘yo.

Xulosa

“Qiyomat” romanida ezgulik va insoniylikning, yaxshilik va to‘g‘rilikning, adolat va haqgo‘ylikning, Qiyomat qoyim darajasiga tushayotgan holatlari tabiat, jamiyat, inson va iymon muammolarini aks ettirish orqali ochib berilgan.

Tabiatni poymol etish tufayli ro‘y berayotgan qiyomat darajasidagi payxonliklar, xunrezliklarni amalga oshirayotgan ijtimoiy kuchlar, razil odamlar bor. Akbara bilan Toshchaynarga tabiatda yashash uchun hatto boshpana qolmasligi, tog‘da noyob konga yo‘l ochilishi munosabati bilan ularning uyasi joylashgan qamishzorga o‘t qo‘yilishi tufayli besh bo‘ri bolasining nobud bo‘lishi, bo‘rilar toqqa qochgandan so‘ng esa bu yerda yangi dunyoga kelgan to‘rt bo‘ri bolasining endi razil, insoniy xislatlardan mahrum Bozorboy tomonidan o‘g‘irlanib, aroq olish uchun sotib yuborilishida bularni ko‘rish mumkin.

Asardagi eng murakkab obraz Avdiy Kallistratovdir. U Xudoga, dinga chin dildan ishonadi. Biroq uning fikricha, shu vaqtgacha insoniyat tafakkurida bo‘lib kelgan Xudo eskirgan, shu bois uni yangilash, zamondosh Xudo yaratish kerak. Bu fikridan, o‘zi aytishicha, o‘tda kuydirsalar ham qaytmoqchi emas. “Asr bo‘yi qotib qolgan fikrlarni o‘zgartirish, aqidabozlikdan qutulib, inson ruhiga Xudoni anglashda hurlik berish va Xudoni inson borlig‘ining eng oliy zuhroti deb bilish” Avdiyning din va Xudo haqidagi qarashlarining asosini tashkil etadi. Avdiy murakkab obrazdir.

Aytmatov asarda ezgulik mohiyatini rang-barang: ilohiy, falsafiy, insonparvar asoslar bilan chambarchas aloqadorlikda tasvirlay olgan mahoratli, ayni paytda chuqur bilim va mantiqqa ega yozuvchidir.

Iqtiboslar

“Odamning umri nima?” degan savolga javob topib berish qiyin. Inson munosabatlari shunchalar turfa, tabiati, fe’l-atvori shunchalar rang-barang va murakkabki, hatto eng mukammal, eng zamonaviy kompyuter sistemalari ham eng oddiy inson tabiatining umumiy chizig‘ini ajratib berolmaydi;

To‘g‘ri, bu yerlarni ham xatarsiz deb bo‘lmasdi — tag‘in bunisi barcha xatarlar ichida eng xatarlisi edi — bu yerlarda podalarga odamlar qarashardi, qo‘y-qo‘zilarning Xudosi ham, qo‘y-qo‘zilarning quli ham shular edi, bular o‘zlari kun ko‘rardi-yu, lekin boshqalarga sira kun bermas, ayniqsa ularga qaram bo‘lmaganlarni, o‘z erki bilan yashashga uringanlarni qo‘ymas edi… O, odamlar, odamlar — odamxudolar!

Quyosh va cho‘l azaldan muqoyasada: kunga qarab cho‘lning — oftob o‘z seplarini yoygan makonning qanchalar cheksiz ekanligi bilinadi. Cho‘l osmonining bepoyonligi esa kalxatlarning baland parvozlaridan ayon;

Odam bolasi odamlarsiz yasholmaydi, yana buning ustiga odamlarga ham toqat qilmaydi;

Nega axir bunday, nega axir odamlar bir-birlari bilan urushadilar, qon to‘kadilar, ko‘zyoshlarni daryo qilib oqizadilar, hammalari o‘zlarini haq, boshqalarni nohaq deb hisoblaydilar, qani axir haqiqat, kim haqiqatni aytadi, kim? Qani ularni adolat bilan ajrim qiluvchi nabiy?..

…odam nega tug‘iladi-yu, nega o‘ladi va nega o‘lim doim sen bilan birga, sendan nari jilmaydi va o‘lgandan so‘ng o‘lim yo‘q, lekin hayot o‘limdan yuqori, dunyoda hayotdan ko‘ra yuqori o‘lchov yo‘q — shuning uchun tirik jonni mahv etma, lekin elingga yov bostirib kelsa, darhol himoyaga otlan, sevganingning nomusini asra, xuddi ona Yerni yotlardan asraganday; ayriliqni hech totib ko‘rganmisan, bilasanmi ayriliqning dushvorligini, xuddi yelkangga cho‘ng tog‘larning yuklari ortilgan;

Ko‘rdingizmi, biz yaralganimizdan beri shundaymiz — o‘lgandan keyin ham yashamoqni istaymiz. O‘z umrini uzaytirish mumkinligiga ishonch, shuning hissiyoti bilan yashash odamzodga qanchalar muhim, qanchalar zarur. Odamlar o‘zlaridan keyin qandaydir avtomat qurilma, allaqanday vokal-musiqa abadiy dvigateli qoldirish fikriga kelsalar, ajab emas — bu hamma zamonlar uchun inson madaniyati erishgan eng yaxshi narsalarning antologiyasi bo‘ladi;

Dunyo o‘z farzandlarini ularning eng pokiza g‘oyalari va ruhiy intilishlari uchun hammadan ko‘proq jazolaydi.

Qiziqarli faktlar

- Chingiz Aytmatov Nobel mukofotiga nomzod bo‘lgan, ammo mukofotni ololmagan. Moskvalik xo‘jalar bunga yo‘l qo‘ymagan;

- Chingiz Aytmatovning nomi yana bir iste’dodli adib – Gabriel Garsiya Markes bilan XX asr jahon adabiyotining eng buyuk adiblari deya e’tirof etiladi;

- yozuvchining asarlari dunyoning 70 dan ortiq tiliga tarjima qilingan;

- romanni o‘zbek tiliga mohir tarjimon Ibrohim G‘ofurov tarjima qilgan.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.