O‘zbekistonda 7—9 ming yillik tarixga ega noyob qoyatosh rasmlari mavjud Sarmishsoy darasi talon-toroj qilinmoqda. O‘zAning ma’lum qilishicha, ushbu tarixiy maskanda ayni vaqtda chorva mollari o‘tlab yuribdi.

Foto: “Meros”

“Sarmishsoy darasi va uning atroflaridagi soylardan o‘n mingdan ortiq qoyatosh suratlari aniqlangan va bu petrogliflar o‘zida 35 mavzudagi obraz va syujetlarni aks ettiradi”, — degan “Sarmishsoy Navoiy” dam olish maskani direktori Nafisa Vohidova.

Foto: O‘zA

Uning aytishicha, 7—9 ming yillik tarixga ega bu qoyatoshlar O‘zbekistondagi yagona pichoqkesar qoyatosh hisoblanadi. Bu yerga hech bir mehmon shunchaki tushib qolmaydi. Balki internet sahifalarida O‘zbekistonning qaysi joylariga borishni o‘rganib, qiziqib keladi. Ko‘pchiligi esa bu qoyalar haqida biz bilmagan ma’lumotlarni bilgani uchun nimalarnidir aniqlashtirishga keladi.

Ta’kidlanishicha, Sarmishsoy petrogliflari eng qadimiy uslublarda ishlangan bo‘lib, ularning orasida buqa, tog‘ echkisi tasvirlari ko‘p uchraydi. Shunga o‘xshash tasvirlar Zarautsoy (O‘zbekiston), Qobuston (Ozarbayjon) va Arabiston yarim orolida topilgan.

Ayni ayni vaqtda esa dara atrofi juda ayanchli holatga kelib qolgan. U qoyada aks etgan ba’zi noyob suratlar o‘g‘irlab ketilgan. Bu yilgi yog‘ingarchilikda esa qoyatoshlarning ko‘p qismi suv ostida qolib, sinib tushgan.

Foto: O‘zA

“Dam olish maskanimiz 32 gektarni tashkil qiladi. Biz shu hudud atrofini himoya qilish va qo‘riqlashga mas’ulmiz. To‘g‘risi, mehmonlar bu hududdan chiqib ketgach, ularni nima bilan shug‘ullanishiga javobgar emasmiz. Qoyatosh rasmlariga kelsak, u yerlar davlat himoyasida bo‘lib, muzey-qo‘riqxona hisoblanadi. Agarda atrofi obodonlashtirilib, ta’mirlansa ma’lum haq evaziga kiradigan tartib ishlab chiqilsa, yaxshi bo‘lardi. Axir, tarixiy maskanlarga borgan xorij fuqarosi to‘lovlarni amalga oshiradi. Shu tariqa mavjud tarixiy obyektni talon-toroj qilish emas, undan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak”, — degan Nafisa Vohidova.

Xabarda aytilishicha, Sarmishsoyga yaqinda Germaniyadan “Qizil kitob”ga kiritilgan o‘simliklarni o‘rganuvchi mutaxassis kelgan. Olim qoyatoshlar orasida “Qizil kitob”ga kiritilgan, ming dardga davo o‘simlik topganini aytgan.

Bu dunyodagi eng qimmat dori-darmonlarga qo‘shiladigan va biz dollarga xorijdan xarid qiladigan dorilar tarkibida muhim o‘rin tutuvchi o‘simlik bo‘lib, aynan shu hududda o‘sishi haqida mahalliy aholi ham, olimlar ham bexabar ekan.