“O‘zdonmahsulot” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish natijasida ushbu tashkilotning fermer xo‘jaliklaridan qarzi borligi va uni to‘lashga imkoni yo‘qligi aniqlandi, deb yozmoqda “Togri.uz”.

Davlat xaridlari bo‘yicha g‘allaga past narx belgilangani, uning arzon bahoda sotilishi fermer xo‘jaliklari va don korxonalariga iqtisodiy zarar keltirayotgani tufayli fermerlar hukumatdan g‘allani erkin narxlarda sotish tizimini yo‘lga qo‘yishni so‘ragan edi. Shu masala yuzasidan nashr tomonidan “O‘zdonmahsulot” kompaniyasiga qarashli “Toshkentdonmahsulotlari” AJ faoliyati o‘rganildi.

“Toshkentdonmahsulotlari” korxonasi bosh hisobchisining ma’lum qilishicha, hozirgi kunda korxonaning fermer xo‘jaliklaridan 32,6 milliard so‘m qarzi bor va buning asosiy sababi g‘alla va unga davlat tomonidan aniq narx belgilab qo‘yilganidir.

“Biz fermerlarga g‘alla uchun shartnomada ko‘rsatilgan 1200 so‘m narx bo‘yicha haq to‘lay oldik, xolos. Qo‘shimcha ustama va rejadan ortiq bajarilgan g‘allaga to‘lay olmadik”, — deydi bosh hisobchi.

Don korxonalari fermerlardan g‘allani davlat belgilagan narxda — 1430 so‘mdan sotib olib, unni 1400 so‘mdan sotmoqda. Natijada korxonalar iqtisodiy zarar ko‘rmoqda.

“Bizda unning narxi davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan va biz ana shu narx bo‘yicha ishlaymiz. Hozirgi kunda unning 1 kilogrammi 1400 so‘m. Endi o‘ylab ko‘ring, g‘allani 1430 so‘mdan sotib olamiz. Boz ustiga, boshqa xarajatlarimiz ham bor. QQS bilan hisoblaganda mahsulotni 2400 so‘mdan sotishimiz kerak, bu narxdan kam emas. Aks holda, biz zarariga ishlagan bo‘lamiz”, — deydi korxona bosh hisobchisi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘ining aytishicha, g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning xarajatlari soni va narxi yildan yilga oshib borayotganligi, qolaversa, g‘allaga aniq narx belgilab qo‘yilgani xo‘jaliklarning foyda ko‘ra olmayotganiga sabab bo‘lmoqda.

“Fermerlarning murojaatlari inobatga olinib, g‘alla narxi erkinlashtirilgan taqdirda bu holat bozordagi un va un mahsulotlarining narxiga ta’sir ko‘rsatmaydimi?” degan savolga kengash bo‘lim boshlig‘i javob bergan. Uning aytishicha, bozorda qaysi mahsulot tanqis bo‘lsa, uning narxi ham ko‘tariladi. Erkin narxda mahsulot ko‘paytirilsa, bu o‘z navbatida narxning pasayishiga olib keladi. Shuning uchun nonning narxi ko‘tarilib ketishidan qo‘rqmaslik kerak.