Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Qo‘shtepa tumanidagi “Fergana Global Textile” MChJ rahbari Mo‘minjon Razzoqovning onasi Hovaxon Madaminovaga fidoyi farzand tarbiyalagani uchun minnatdorlik bildirdi va Malibu avtomashinasi sovg‘a qildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmati

Qo‘shtepa tumani paxta tayyorlash yillik rejasini mamlakatda birinchilardan bajargan edi.

Tuman dehqonlari bugungacha rejadagi 19900 tonna o‘rniga 21700 tonnadan ziyod paxta xirmonini uyushga erishdi. Bunda “Fergana Global Textile” MChJ va uning rahbari Mo‘minjon Razzoqovning hissasi katta. Mo‘minjon Razzoqov klaster usulida paxta yetishtirgan qo‘shtepalik dehqonlarni erta bahordan zarur texnik vositalari, yetarli miqdorda kimyoviy va mineral o‘g‘it, biologik ishlov berish vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlab turdi.

“Agar ilgari fermer xo‘jaliklari ish yuritishda bank kreditiga bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, endi bu vazifani klaster tashkilotchisi o‘z zimmasiga oldi. Ayniqsa, yetishtirgan paxtani yig‘ib-terib olish chog‘ida yuksak tashkilotchilik ko‘rsatdi. Kunlik ish haqi to‘lash tizimi tashkil etildi. Natijada Qo‘shtepa tumani bugungacha rejani 110 foizga bajargan bo‘lsada, daladagi hosilni to‘liq yig‘ib olgach, yana kamida 10 foizlik o‘sishga erishishi kutilyapti”, — deyiladi axborot xizmati xabarida.