Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tutingan ota-onalar kurslarini tashkil etish, salohiyatli vasiylar va homiylar, oilaviy bolalar uylari tarbiyachi ota-onalarini tanlash, kuzatib borish hamda nazorat qilish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

2019-yil 1-noyabrdan boshlab mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi. Tuman (shahar) hokimliklari kurslarning muasislari bo‘ladi. Nodavlat tashkilotlar va jismoniy shaxslar ham Xalq ta’limi vazirligi va mahalliy hokimliklar bilan kelishgan holda tayyorlov kurslarini tashkil etishi mumkin.

Kurslar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilayotgan (patronat) yoki oilaviy bolalar uyiga olayotgan shaxslar (tutingan ota-onalar) uchun mo‘ljallangan. Mashg‘ulotlarni ijtimoiy muammolar sohasi mutaxassislari olib boradi, ular bo‘lg‘usi tutingan ota-onalarga huquqiy, psixologik-pedagogik va tibbiy yordam ko‘rsatadi.

O‘qish tugaganidan keyin tinglovchilarga sertifikat beriladi. 2020-yil 1-yanvardan boshlab tutingan ota-onalarni tanlash faqat bunday hujjatga ega bo‘lgan shaxslar orasida o‘tkaziladi.

Kurslarning bo‘lg‘usi tinglovchilari uning negizida bepul, ishdan ajralmagan holda o‘qitish amalga oshiriladigan davlat tarbiya muassasasi direktoriga nomiga ariza berishlari lozim. Haftalik o‘quv yuklamasi 36 soatdan ko‘p emas. Mashg‘ulotlar 5 kishidan 22 kishigacha bo‘lgan akademik guruhlarda ma’ruza, seminar, amaliy mashg‘ulot, ko‘chma mashg‘ulot, tajriba almashish shakllarida olib boriladi.

O‘qish tugagangan keyin maxsus shakllantiriladigan komissiya suhbat o‘tkazadi, uning natijalariga ko‘ra tinglovchilarga 3 yil muddatga sertifikat beriladi. Hujjatning amal qilish muddati tugagandan keyin kursdan qayta o‘tish lozim bo‘ladi.