Rossiyaning qullikka qarshi kurashuvchi “Alternativa” notijorat ko‘ngillilar tashkiloti o‘zbekistonlik uch nafar fuqaroning qullikka tushib qolgani haqida ma’lum qildi, deb yozmoqda Repost.

Foto: “Repost”

Qayd etilishicha, 2019-yilning avgust oyida O‘zbekiston fuqarolari Ulug‘bek A., Abdulaziz X. va Jasurbek T. Rossiyaning Perm o‘lkasiga ish izlab ketgan. Ular o‘zini Ali deb tanishtirgan Qozog‘iston fuqarosi bilan tanishgan.

Ali ularga Orenburg viloyatining Buzuluk shahrida ish topib berishni va’da qilgan va hujjatlarni rasmiylashtirishda hamda turar joy topishda yordam berishini aytgan. O‘zbekistonliklar bunga rozi bo‘lgan, biroq aytilgan joyga yetib borganda, Ali ularni o‘zini Fuzayl deb tanishtirgan ozarbayjonlik kishiga topshirgan.

Fuzayl migratsion hisobga qo‘yish sababi bilan uch erkakning hujjatlarini olgan va ularni qurilishda ishlash uchun jo‘natgan.

Yigitlar 10 kundan so‘ng hujjatlarini qaytarib berishni so‘ragan. Fuzayl esa Aliga ular uchun 50 ming rubl to‘laganini hamda ular hujjatlarini mazkur summani to‘liq qaytarganlaridan keyin olishi mumkinligini aytgan.

O‘zbekiston fuqarolarining pasportlarini qaytarib berish haqidagi ikkinchi murojaatidan keyin Fuzayl va uning sheriklari migrantlarni do‘pposlagan, ulardan birining burnini sindirgan. Erkaklar xo‘jalik binosiga qamab qo‘yilgan.

22-sentabr kuni ular asirlikdan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Tojikistonlik va o‘zbekistonlik migrantlar yordami bilan ular O‘zbekiston konsulligidan vaqtinchalik hujjatlarni olish uchun Moskvaga yo‘l olgan.

“Alternativa” tashkiloti uch erkakka boshpana bergan va ularning uyiga qaytish xarajatlarini to‘lash uchun Xalqaro migratsiya tashkilotiga hujjatlarni jo‘natgan.